Oʻzbekistonda Erkaklar qoʻmitasini tuzish taklif etildi

21:24 05 Mart 2019 Jamiyat
1794 0

Foto: AOKA

Bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Oila ensiklopediyasi” hamda “Xotin-qizlar ensiklopediyasi” kitoblarining taqdimoti boʻlib oʻtdi. Unda soʻz olgan Jamila Shermuhammedova taklif bilan chiqdi.

“Oilaviy ajrimlar haqida gapirganda, respublikamizdagi koʻrsatkichlarni Yevropa davlatlaridagi bilan taqqoslash, oʻzimizni ovutish, maqtash, ayblarimizni xaspoʻshlash toʻgʻri emas, — dedi ekspert Jamila Shermuhammedova. — Muammolarning ichiga kirib borishimiz kerak. Ajrimlarning sabablarini aniqlashimiz, shu boʻyicha choralar koʻrishimiz lozim. Bizda oila milliy qadriyatlar va sharqona madaniyat poydevoriga quriladi. Aynan mazkur aqidalar bilan sugʻorilgan kitoblarni koʻpaytirishimiz kerak.

Mening takliflarim bor: kelinglar, “Erkaklar ensiklopediyasi”ni yarataylik. Oilada erkakning, otaning oʻrnini koʻtarmas ekanmiz, u haqda kitoblar yozib, maqomini ulugʻlamas ekanmiz, oila mexanizmidagi ayrim elementlar yaxshi ishlamaydi, ajrimlar soni ortaveradi. Yoshlarga bolaligidan oilada oʻgʻillik burchi, otalik vazifalari, erlik masʼuliyati haqida bilim berish zarur. Bu hayot-mamot masalasi. Men hatto Oʻzbekiston Erkaklar qoʻmitasini tuzish taklifi ham jiddiy oʻylab koʻrishga arziydi deb hisoblayman”, deya Jamila Shermuhammedovaning soʻzlaridan iqtibos keltirmoqda “Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?