Oʻzbekistonda eng kuchli triatlonchilar aniqlandi

11:56 06 May 2019 Sport
487 0

5 may kuni “Yoshlik sport” majmuasida Oʻzbekiston Triatlon Federatsiyasi “I Love Supersport” (Toshkent) Xalqaro sport maktabi bilan hamkorlikda havaskor sportchilarni IRONMAN 70.3 Astana musobaqasiga tayyorlash doirasida “Triatlon Sprint” – Oʻzbekistonda birinchi bor havaskorlar oʻrtasida triatlon (suzish, velomusobaqa va yugurish) boʻyicha musobaqalar tashkil etildi.

Jahon triatlon korporatsiyasi tomonidan oʻtkaziladigan “IRONMAN” deb nomlangan dunyoga mashhur triatlon musobaqasida ishtirok etadigan triatlonchilar 3.9 kilometrga suzish, velosipedda 180.25 kilometr masofani bosib oʻtish va 42.2 kilometrga marafon yugurish boʻyicha bellashadilar. Ushbu musobaqa dunyodagi eng qiyin bir kunlik musobaqalardan biri hisoblanadi.

“IRONMAN”ning “HALF IRONMEN” deb nomlanuvchi yana bir musobaqasi “IRONMAN 70.3” deb nomlanadi. Unda ishtirokchilar yuqoridagi sport turlarining yarim masofasini – 1,2 milya (1,9 km) suzish, 56 milya (90 km) velosipedda harakatlanish va 13,1 milya (21,1 km) yugurish bosib oʻtadilar.

Joriy yilning iyul oyida Qozogʻistonda oʻtadigan “IRONMAN 70.3 Astana” musobaqasida Oʻzbekiston triatlon federatsiyasining koʻmagi bilan mamlakatimizdan 20 ga yaqin havaskor sportchilar ishtirok etishi rejalashtirilmoqda. 

“Yoshlik” sport majmuasi va poytaxtimiz markaziy hududlarida oʻtgan mazkur turnirda havaskor sportchilar 750 metr masofaga suzish, 20 kilometr masofaga velosport boʻyicha belashish va 5 kilometrga yugurish boʻyicha raqobatlashdi.

Unda Andrey Sharipov 1:05:21 natija bilan mutlaq gʻolibga aylangan boʻlsa, Aleksey Grigoryev (1:11:13) va Murod Xusanov (1:23:57) natija bilan erkaklar oʻrtasida gʻolib chiqdi.

Ayollar oʻrtasida belgilangan shartlarni 1 soat 30 daqiqa va 53 soniyada bosib oʻtgan Olga Drobishva oltin medalni qoʻlga kiritdi. Shuningdek, ushbu yoʻnalishda Olga Pankratova (1:34:12) hamda Alina Yun (1:51:28) natijalar bilan shohsupaning ikkinchi va uchinchi pogʻonalariga koʻtarildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?