O‘zbekistonda “Ekobog‘lar” maydoni qancha?

10:41 03 Avgust 2018 Jamiyat
159 0
Arxiv foto

Bundan o‘n yil muqaddam 2 avgust sanasida yurtimizda O‘zbekiston ekologik harakati tashkil etilgan edi. Atrof-muhitni muhofaza qilish, aholi o‘rtasida ekologik madaniyatni shakllantirish, bu boradagi qonunchilikni takomillashtirish maqsadida asos solingan mazkur tuzilma tomonidan o‘tgan vaqt mobaynida muayyan ishlar amalga oshirildi. Binobarin, bunday vazifalar “Sog‘lom muhit — inson salomatligi” tamoyili asosida faoliyat yuritayotgan harakatning asosiy mezoniga aylandi. Bu haqda Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumani Xondayliq qishlog‘idagi Toshkent axborot-texnologiyalari universiteti o‘quv-ishlab chiqarish markazida tashkil etilgan tadbirda aytib o‘tildi.

— Jumladan, shu davr ichida Ekoharakat tashabbusi bilan yurtimiz va xorijda 10 mingga yaqin tadbirlar o‘tkazilib, ularga 2,5 milliondan ziyod faollar jalb etildi, — deydi O‘zbekiston ekologik harakati Markaziy kengashi ijrioya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari S.Sanginov. — Davlat organlari, turli fuqarolik institutlari hamda tashkilatlar bilan 40 dan ortiq hamkorlik memorandumlari imzolandi. 200 dan ko‘proq nodavlat notijorat tashkilotlari bilan yaqindan aloqalar o‘rnatilgan. Bevosita Ekoharakat tashabbusi tufayli 200 gektardan ortiq “Ekobog‘“lar vujudga keldi.

Bundan tashqari, Ekoharakatning Qonunchilik palatasidagi deputatlar guruhi a’zolari qonun ijodkorligi jarayonida faol ishtirok etmoqda. Shu yillar mobaynida ekologiya va atrof-muhit muhofazasiga qaratilgan 26 ta qonun ishlab chiqilgani, yana 8 ta qonun ishlab chiqilayotgani buning tasdig‘idir.

Qolaversa, o‘tgan yili “Ishonch telefoni“ va“Fuqarolar qabulxonasi“ tashkil etilgani ham jamoatchilik, aholi bilan ishlash jarayonini yanada mustahkamladi. Chunki ular orqali fuqarolardan tabiatni muhofaza qilish, sanitariya qoidalariga zid xatti-harakatlar xususida 3728 ta murojaat kelib tushdi. Ular asosida 1320 marotaba reydlar o‘tkazildi.

Bunday amaliy tadbirlar ko‘lami tobora kengayib bormoqda.

Dilshod ULUG‘MURODOV, “Xalq so‘zi“ muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?