Oʻzbekistonda diabet kasalligini erta aniqlash va profilaktikasi boʻyicha tadbirlarga start berildi

14:52 11 Sentyabr 2018 Jamiyat
121 0
Foto: Sogʻliqni saqlash vazirligi Axborot xizmati

Xalqaro diabet federatsiyasining maʼlumotiga koʻra, dunyoda 400 million nafardan koʻproq katta yoshli aholi qandli diabetning ikkinchi turidan aziyat chekayapti. Achinarlisi, ularning qariyb yarmida kasallik yashirin tarzda kechmoqda. Bu aholi oʻrtasida tibbiy profilaktika va skrining tadbirlarini yanada rivojlantirishni taqozo etadi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan yurtimizda qandli diabetning ikkinchi turini skrining qilish boʻyicha ishlab chiqilgan loyiha ayni maqsadga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Ushbu loyiha doirasida mamlakatimizda olimlar,mahalliy va xorijiy ekspertlar ishtirokida kasallikni skrining qilish metodologiyasini oʻrganish boʻyicha ekspertlar guruhi tuzildi. Uning tarkibida dunyoning taniqli olimi Yakov Paxomov ham bor.

Ya. Paxamov tomonidan ishlab chiqilgan qandli diabet ikkinchi turini skrining qilish loyihasi hozirda Yevropa davlatlari va Rossiyada kasallikning oldini olish va erta aniqlash boʻyicha eng samarali uslub sifatida muvaffaqiyat qozongan va inson salomatligini asrashda muhim natija bermoqda.

Shu kunlarda mamlakatimizda boʻlib turgan Ya. Paxomov boshchiligidagi xorijlik nufuzli ekspertlar va mutaxassislardan iborat delegatsiya bilan Sogʻliqni saqlash vaziri A. Shadmanov ishtirokida uchrashuv oʻtkazildi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi Axborot xizmati tomonidan “Xalq soʻzi online”ga maʼlum qilinishicha, uchrashuvda Oʻzbekistonda aholiga endokrinologik yordam koʻrsatishning bugungi holati, sohani rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, bu jarayonda xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilayotgan eʼtibor xususida soʻz bordi. Qandli diabet kasalligi, xususan, uning ikkinchi turini erta aniqlashda jahon amaliyotida qoʻllanilayotgan zamonaviy usullar, jumladan, Ya. Paxomov tomonidan ilgari surilayotgan Oʻzbekiston aholisini qandli diabetning ikkinchi turiga skrining tekshiruvidan oʻtkazish loyihasi yuzasidan fikrlashildi.

Taʼkidlanganidek, mazkur loyiha joriy yilning oktyabr oyidan boshlanadi. Dastlab Namangan shahri va Toʻraqoʻrgʻon tumani, Buxoro shahri hamda Gʻijduvon tumanlaridagi tibbiyot muassasalarida tajriba loyihasi amalga oshiriladi.

“Diabet xastaligining dastlabki bosqichlari deyarli sezilarsiz kechadi. Bu jarayonda shifokor tomonidan dastlabki tashxis qoʻyilgunga qadar 10 yilgacha vaqt oʻtishi mumkin. Natijada, kasallik yashirin davrda keskin rivojlanishi oqibatida bemorning buyrak, yurak, qon-tomir tizimi, koʻz sohasi hamda boshqa organlarida jiddiy asoratlar yuzaga keladi. Xastalikka qanchalik kech tashxis qoʻyilsa, uni davolash bemor uchun ham, davlat byudjeti uchun ham katta tibbiy-ijtimoiy muammodir. Bu borada eng maqbul va samarali yoʻl – kasallikni erta aniqlash. Bizning loyihamiz ayni shu maqsadga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir“, – deydi Yakov Paxomov.

Bir soʻz bilan aytganda, Oʻzbekistonda diabet kasalligini erta aniqlash va profilaktikasi boʻyicha tadbirlarga start berildi. Oʻzbekistonda qandli diabetning ikkinchi turini skrining qilish loyihasi ikki bosqichda amalga oshiriladi. Dastlabki bosqichda tajriba sifatida belgilangan hududlarda Oʻzbekiston uchun toʻgʻri va maqbul usulni aniqlab olishga eʼtibor qaratiladi. Buning uchun aholi oʻrtasida skrining tekshiruvlari amalga oshiriladi va ularda qandli diabetning ikkinchi turini erta aniqlashga qaratilgan turli yondashuvlar testdan oʻtkaziladi. Ikkinchi bosqichda aniqlangan samarali usullar asosida mamlakatimiz miqyosida tibbiy profilaktika tadbirlari amalga oshiriladi.

Taʼkidlash kerakki, mamlakatimizda bugungi kunga qadar shunga oʻxshash tajribalar oʻtkazilgan boʻlsa-da, dunyoda katta muvaffaqiyat qozongan, xalqaro standartlarga asoslangan bunday yirik tibbiy-ijtimoiy amaliyot ilk bor tatbiq etilmoqda. Eʼtiborlisi, ushbu muhim tibbiy-ijtimoiy aksiya aynan patronaj hamshiralar va umumiy amaliyot shifokorlari ishtirokida amalga oshiriladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?