Oʻzbekistonda “Dalvarzin xazinasi” namoyishi boʻladi

15:14 06 Avgust 2019 Jamiyat
122 0

“Oʻzbekiston madaniy merosi jahon qoʻlyozmalarida” loyihasining ijodiy guruhi “Buyuk Kushon imperiyasi: bu haqida hali aytilmagan” yangi hujjatli filmini suratga olish uchun Hindistonga yoʻl oldi. Loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan qoʻllab-quvvatlanmoqda. Film Kushon imperiyasining tarixi haqida soʻzlaydi. Unda Kushon xonligining eng gullab-yashnagan, noyob gandxar madaniyati shakllangan davriga alohida eʼtibor qaratiladi. Shuningdek, Oʻrta Osiyo va Hindiston hududlarida yashagan xalqlarning madaniy va iqtisodiy aloqalari diqqat markazida boʻladi. Hindistondagi syomkalar manzili Hindiston Milliy muzeyi, Matxura muzeyi, Agru muzeyi va boshqa madaniy-tarixiy obyektlarni oʻz ichiga oladi. Hindistonning kushonshunos olimlari ilk marta oʻzbek tomoshabinlari uchun Kushon sivilizatsiyasi sir-asrorlarini ochishadi. Oʻzbekistonda mazkur film “Sevimli” va “Mening yurtim” telekanallari orqali efirga uzatiladi.

Maʼlumot uchun, 22-27-avgust kunlari “Oʻzbekiston – buyuk yoʻllar va sivilizatsiyalar chorrahasi: sulola, din, madaniyat” meros haftaligi Toshkent, Termiz, Buxoro va Xiva shaharlarida boʻlib oʻtadi. Tadbirda dunyoning 300 ga yaqin olimi ishtirok etish istagini bildirgan, 50 dan ziyod xorijiy ommaviy axborot vositalari ushbu tadbirni yoritishi kutilmoqda. Haftalik doirasida “Kushon xazinalari” noyob koʻrgazmasi oʻtkazilishi haqida xabar bergan edik. Ushbu ekspozitsiya Toshkentdagi Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasida namoyish etiladi. Xalqaro olimlarning soʻroviga koʻra, eramizning I asri boshida Oʻrta Osiyo hududida qad rostlagan, nisbatan kam oʻrganilgan va qachonlardir buyuk qudratga ega boʻlgan Kushon imperiyasining noyob artefaktlarini mustaqillik yillari davomida ilk bora koʻrgazmaga qoʻyish rejalashtirilmoqda. Koʻrgazmaning eksklyuziv, oʻziga xos jihati Surxondaryo viloyatidagi Dalvarzintepa qazishmalarida topilgan afsonaviy “Dalvarzin xazinasi” namoyishi boʻladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?