Oʻzbekistonda Chevrolet Onix modeli ishlab chiqariladimi?

10:41 21 Oktyabr 2019 Iqtisodiyot
633 0

Oʻzbekistonda Chevrolet Onix tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazish uchun ariza berildi. Bu haqda Intellektual mulk agentligining “Intellektual mulk” axborot-qidiruv tizimi orqali bilib olish mumkin.

Maʼlumot uchun, joriy yil 1-martdan tovar belgilarini roʻyxatdan oʻtkazishning yangi tartibi tasdiqlandi. Endilikda agentlikka ariza berilganidan soʻng bir ish kuni mobaynida arizalar haqidagi maʼlumotlar uning saytiga joylashtirilishi kerak.

1-sentyabrdan boshlab esa tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazish uchun arizalar berish faqat elektron koʻrinishda davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshirilmoqda.

Chevrolet Onix tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha ariza General Motors LLC US tomonidan 24-sentyabr kuni berilgan. Uning tasnifi avtomobil, aniq aytganda, jamoatchilik transporti uchun jihozlangan va sotiladigan yoʻlovchi avtomobilidir.

Joriy yil iyun oyida Gazeta.uz sayti oʻz manbalariga tayanib GM Uzbekistan (iyul oyida uning nomi UzAvto Motors deb oʻzgartirilgan) Shevrolet Onix sedanini ishlab chiqarishi mumkinligi haqida xabar qilgandi. Bu “Oʻzbekiston 24” telekanalida namoyish etilgan kadrlarda ham tasdiqlangandi. Unda Onix modelining mahalliylashtirish darajasi 60 foiz boʻlishi haqida gap ketgan.

Chevrolet Onix rusumi 2016-yilgi Chevrolet Cavalier modelining chuqur modernizatsiya qilinishi natijasidir. U 2019-yilda Xitoyda namoyish etilgan. Mazkur rusum soddalashtirilgan Delta II platformasiga asoslanadi. Bu Kobalt modelining Gamma II platformasiga koʻp jihatdan oʻxshab ketadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?