O‘zbekistonda bolalarni yuqumli kasalliklardan emlash qamrovi 99,5 foizga yetkazildi

16:37 24 Aprel 2018 Jamiyat
677 0
Фото: Соғлиқни сақлаш вазирлиги Ахборот хизмати

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST), BMT Bolalar jamg‘armasi (YuNISEF)ning O‘zbekistondagi vakolatxonalari hamkorligida tashkil etilgan anjumanda bu haqda ma’lumot berildi.
Respublikamizda yuqumli kasalliklar bo‘yicha epidemik vaziyatning barqarorligi ta’minlanmoqda. Jumladan, karantin va o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar, poliomiyelit, difteriya, qoqshol kasalliklari qator yillar mobaynida qayd etilmadi. 

2017 yilda yuqumli kasalliklarga qarshi emlash uchun sarflanadigan mablag‘lar to‘liq davlat byudjeti hisobidan qoplandi. Ushbu tadbir uchun 42,3 milliard so‘m mablag‘ ajratildi va emlash qamrovi 99,5 foizga yetkazildi. Natijada, o‘tgan yili Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan O‘zbekiston qizamiq va qizilcha kasalliklaridan xoli hudud deb e’tirof etildi. Joriy yilda ham bu yo‘nalishdagi ishlar uchun davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar 105 milliard so‘mga yetkaziladi.
2019 yildan boshlab barcha o‘smir qizlarni papilloma virusiga qarshi emlash bilan to‘liq qamrab olish yo‘lga qo‘yiladi. 
Sayyoramizning ayrim hududlarida poliomiyelit bo‘yicha murakkab epidemiologik vaziyat saqlanib turgani unga qarshi profilaktikani yanada kuchaytirishni talab etmoqda.  

Фото: Соғлиқни сақлаш вазирлиги Ахборот хизмати

— Poliomiyelit, ya’ni shol bilan asosan 10 yoshgacha bo‘lgan bolalar xastalanadi, — deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi sanitariya-epidemiologiya nazorati bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, Milliy immunizatsiya dasturi koordinatori Dilorom Tursunova. — Uning asoratlari ko‘pincha nogironlikka olib keladi, ayrim hollarda o‘lim bilan tugaydi. Kasallikning oldini olishning birdan-bir chorasi emlashdir. Bu borada yangi vaksinani qo‘llash yurtimizda shu yilning 24-28 aprel kunlari — milliy emlash haftaligi doirasida amalga oshiriladi. Inaktivlashtirilgan poliomiyelit vaksinasi (IPV) shu vaqtga qadar qo‘llanib kelingan oral poliomiyelit vaksinasi (OPV)dan ichaklar shilliq qavatida mustahkam immunitet hosil qilishi bilan farqlanib, virusning odamdan odamga o‘tishining to‘la oldini oladi. Yangi vaksina xavfsizligi Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining maxsus sertifikati bilan kafolatlangan. Emlash in’eksiya yo‘li bilan amalga oshiriladi. Ota-onalardan haftalik doirasida 4 oylikkacha bo‘lgan farzandlarini o‘zlari yashayotgan hududdagi tibbiyot muassasalariga emlatish uchun olib chiqishlarini so‘raymiz. 

Фото: Соғлиқни сақлаш вазирлиги Ахборот хизмати

IPVning keng qamrovli joriy etilishi poliomiyelitni global miqyosda bartaraf etish rejasining qismi bo‘lib, ayni chog‘da dunyodagi barcha bolani ushbu vaksina bilan emlash bo‘yicha YuNISEF va JSST tomonidan qator ishlar olib borilmoqda. Jumladan, mamlakatimiz Milliy immunizatsiya dasturini kuchaytirish va barqarorligini ta’minlashda amaliy hamda konsultativ yordam ko‘rsatilayapti. Xususan, ushbu xalqaro tashkilotlar ko‘magida yangi vaksina xarid qilindi. Yurtimizning barcha hududida uni saqlash va emlashni amalga oshiruvchi mutaxassislar salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan seminar-treninglar tashkil etilmoqda. Ularda emlash brigadalari va punktlaridagi jami 6 ming nafarga yaqin shifokorlar, 7 ming nafardan ziyod emlash va patronaj hamshiralari, maktabgacha ta’lim muassasalari hamda mehribonlik uylari mutasaddilarining bilim va salohiyati oshirilgan. 

— O‘zbekiston 2002 yili poliomiyelitdan holi hudud maqomiga erishgan bo‘lsa-da, milliy immunizatsiya kalendariga yangi vaksinaning kiritilishi mazkur kasallikning qaytadan paydo bo‘lishi va tarqalishining oldini olish va hech bir bola falaj bo‘lmasligini ta’minlash tomon qo‘yilgan muhim qadamdir, — deydi YuNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sasha Grauman. — Biz Sog‘liqni saqlash vazirligining mazkur vaksina ta’minotini yo‘lga qo‘yganligi va ota-onalarga farzandlarini emlatish uchun tushuntirish-targ‘ibot ishlarini olib borishga yordam berayotganidan mamnunmiz.
Ishtirokchilar Shayxontohur tumanidagi 47-oilaviy poliklinikasida yangi vaksina bilan bolalarni emlash tadbirida ham qatnashdilar. 
Dilshod KARIMOV,
“Xalq so‘zi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?