Oʻzbekistonda bolalar uchun ilk “aqlli soatlar” paydo boʻldi. U suhbatlashadi, ertak aytib beradi...

02:44 11 Aprel 2019 Lifestyle
1653 0

Illyustrativ foto

Oʻzbekistonda Yandeks kompaniyasining bolalar uchun moʻljallangan birinchi smart-soatlari paydo boʻldi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Elari KidPhone 3G nomli mazkur qurilma Alisa ismli ovozli yordamchi, videoqoʻngʻiroq, GPS-treking tizimiga ega.

U Yandex.IO bazasida yaratilgan birinchi “aqlli soat” hisoblanadi. Ushbu moslama ota-onalarga farzandlari qayerda ekanligini bilish, doim ular bilan qoʻngʻiroq, video yoki SMS-xabar orqali bogʻlanib turishga yordam beradi. Alisa ismli ovozli yordamchi esa bolaning zerikib qolmasligi, doimiy rivojlanib borishida koʻmaklashadi.

Eʼtiborlisi, ushbu smart-soat bolalarga xos savollarga javob berishi, bola bilan suhbatlashishi, matematik masalalarni yechishda yordam berishi, shaharlar nomlari, soʻzlarni topishi, “Zoologiya”, “Musiqani top” kabi oʻyinlarni taklif etishi, topishmoq topishi, hazillashishi, ertaklar aytib berishi mumkin.

Buning uchun Yandeks jamoasi bolalar nutqini chuqur oʻrgandi va aynan ularga mos kontentni ishlab chiqdi.

Qolaversa, Elari va Yandeksning boshqa sheriklari tomonidan maxsus KidPhone 3G qurilmasi uchun yangi foydali koʻnikmalar ishlab chiqilmoqda. Ular yaqin oylar ichida paydo boʻladi.

“Men ushbu loyihani amalga oshirish yoʻlidagi koʻp oylik saʼy-harakatlari uchun Yandeks va Elari jamoalaridan juda minnatdorman. Elari KidPhone 3G Alisani bolalar bilan erta yoshdanoq tanishtiradi va ularni quvnoq hamda bilimdon virtual doʻsti bilan muloqot qilishlariga yordam beradi. Shunday qilib, biz bir tomondan bolalarni rivojlantirish uchun yangi platforma yaratyapmiz, boshqa tomondan qurilmalar bilan maʼlumotlar, xizmatlar yoki mahsulotlar olish maqsadida ovozli muloqot qilish bugungi kunda smartfonlardan foydalanishdek odatiy va qulay boʻlishi yoʻlida qadam tashlaymiz”, dedi Elari asoschisi Yosef Zaks.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?