O‘zbekistonda biznes yuritish uchun eng qulay sharoit yaratiladi

09:56 18 Iyul 2018 Jamiyat
121 0
Illyustrativ foto

Mamlakatimizda o‘tgan vaqt mobaynida biznes yuritish uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish ko‘rsatkichini yaxshilash bo‘yicha qator qarorlar qabul qilinib, bu borada yaxshi natijalarga erishilgani jahon hamjamiyati tomonidan tan olinmoqda. Keyingi besh yil ichida Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida O‘zbekistonning reytingi 2 baravardan ortiq yaxshilanib, jahonning 190 ta mamlakati orasida 2012 yildagi 166-o‘rindan 2017 yilda

74-o‘ringa ko‘tarilgani, biznes yuritish uchun eng qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish ko‘rsatkichi bo‘yicha islohotchi mamlakatlarning birinchi o‘ntaligidan joy olgani bejiz emas.

Biroq taraqqiyot, rivojlanish deganlari hech qachon bir joyda depsinib, to‘xtab turishni xush ko‘rmaydi. Bu borada sustkashlikka yo‘l qo‘ygan davlat yuksalishdan ortda qoladi. Uloqni esa o‘zgalar ilib ketadi.

Ayni hayot haqiqatidan kelib chiqib, mamlakatimizda qulay ishbilarmonlik muhitini yuzaga keltirish, biznes yuritish uchun mavjud xalqaro normalar va standartlar talablariga mos faoliyatni amalga oshirish, xorijiy sarmoyalarni jalb etish uchun maqbul sharoitlarni yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 13 iyulda qabul qilingan “Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida O‘zbekiston Respublikasining reytingini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi yana bir muhim qadam sifatida sohada kuzatilayotgan mavjud kamchiliklarni bartaraf etish hamda O‘zbekistonning reytingini yanada oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Qarorda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan kompleks chora-tadbirlar aniq belgilab berildi. Xususan, investitsiya muhitini yaxshilash sohasida olib borilayotgan islohotlarning strategik maqsadi — tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish va chet el investitsiyalarini jalb qilish uchun mamlakatda 2022 yilgacha Jahon banki hamda Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” hisobotidagi jahon mamlakatlarining birinchi yigirmataligi darajasiga mos keladigan eng qulay shart-sharoitlarni yaratish ko‘zda tutilgan.

Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” hisobotida O‘zbekiston Respublikasining ko‘rsatkichlarini yaxshilash bo‘yicha tegishli organlarga “Biznes yuritish” hisobotlarini tanqidiy o‘rganib borish va har yili 1 dekabrga qadar “Biznes yuritish” hisobotida respublikaning alohida ko‘rsatkichlarini yaxshilash maqsadida ishbilarmonlik muhiti hamda qonunchilikni yanada takomillashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni tasdiqqa kiritish vazifasi yuklatildi. Bu sohadagi ishlarni muvofiqlashtirish va Jahon banki hamda Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan o‘zaro hamkorlik qilish vazifasi Prezident huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligiga yuklatilib, mazkur organ shu soha bo‘yicha vakolatli organ deb hisoblanishi belgilandi.

Bundan tashqari, agentlikka “Yo‘l xaritasi”ga muvofiq, amalga oshiriladigan tadbirlar va loyihalarni moliyalashtirish uchun xalqaro moliya tashkilotlarining texnik ko‘magi, grantlari hamda kreditlarini jalb etish bo‘yicha zarur choralar ko‘rish, “Biznes yuritish” hisoboti yo‘nalishlari yuzasidan qonun hujjatlari talablarining amaliyotga joriy qilinishi natijalari va amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini tadbirkorlar orasida so‘rov o‘tkazish orqali aniqlab borish vazifasi qo‘yildi.

Umuman aytganda, davlatimiz rahbarining qarorida belgilab berilgan vazifalarning to‘laqonli ado etilishi mamlakatimiz taraqqiyotida yuksalishga erishishga xizmat qiladi.

Xo‘sh, bu borada parlamentning o‘rni hamda ishtiroki nimalardan iborat bo‘ladi? Albatta, mazkur dolzarb vazifalarni amalga oshirishda parlament a’zolaridan keng jamoatchilik va tadbirkorlarning fikr-mulohazalari asosida amaldagi qonun hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish, ularda tadbirkorlik subyektlari uchun qulay, shaffof, sodda tartib-taomillar aks etishini ta’minlash talab qilinadi.

Bu esa, o‘z navbatida, yurtimizda iqtisodiyotning jadal rivojlanishiga, biznes yuritish uchun sharoitlarning yanada yaxshilanishiga, xorijiy investitsiyalarni jalb etishda jozibali hamda ishonchli muhitni yaratishda hal qiluvchi omil bo‘lishi shubhasiz.

Abdug‘ani UMIROV,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi deputati.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?