O‘zbekistonda birinchi marta tank biatloni bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi (Foto)

15:47 07 May 2018 Sport
1177 1
Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

7 may kuni 9 may – Xotira va Qadrlash kuni munosabati bilan mamlakatimizda birinchi marta tank biatloni bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi.
Avvalo shuni aytish joizki, ushbu musobaqani o‘tkazish uchun Toshkent viloyati harbiy-ma’muriy sektori va Toshkent harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondonligi hamkorligida “Chirchiq” umumqo‘shin dala o‘quv maydoni bazasida xalqaro standartlarga mos bo‘lgan maxsus maydon barpo etildi.

Mazkur inshoot tank, piyodalar va desantchilar jangovar mashinalari hamda zirhli transportyorlarda sun’iy hovuz, minalashtirilgan va manyovr bajarish maydoni, tankka qarshi chuqur, qo‘rg‘on, eskarp (tankka qarshi devor), kolleyali ko‘prik maketi va otish maydonchasi kabilardan o‘tishlari uchun mo‘ljallangan to‘siqlardan iborat. 
Maxsus tank yo‘lagining umumiy uzunligi 4200 metr bo‘lib, xalqaro miqyosda o‘tkaziluvchi tank biatloni maydonlari talablariga javob beradi. “Mashqurilishinvest” MChJ tomonidan bunyod etilgan maydonda musobaqalarni kuzatish uchun 3 qavatli 12 metr balandlikdagi minora, harbiy texnika va shaxsiy tarkibning paradini o‘tkazish uchun uzunligi 600 va eni 20 metrli saf maydoni mavjud. 

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Otish mashqlarini bajarishda pushkalar uchun tezligi 1000 m/s dan kam bo‘lmagan o‘q-dorilardan foydalaniladi. Musobaqaning amaliy bosqichi “Yakka tartibdagi (individual) poyga” bilan boshlanadi. “Yakka tartibdagi (individual) poyga” tabiiy va sun’iy to‘siqlari mavjud bo‘lgan, jangovar yo‘lakcha va otish uchun okop (maydoncha)lar bilan jihozlangan yo‘nalish bo‘yicha o‘tkazildi.

Musobaqa va maxsus maydonni ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri general-mayor Abdusalom Azizov ishtirok etdi.

Shundan keyin shaxsiy tarkib, jangovar va harbiy texnikalarning tantanali o‘tishi hamda vertolyotlarning ko‘rgazmali uchishi namoyish etildi. Unda mingdan ziyod harbiy xizmatchi va o‘ttizdan ortiq urush yillaridagi va bugun qurollanishda turgan harbiy texnikalar tantanali marsh bilan o‘tdi. Maydon uzra ikkita vertolyotda O‘zbekston bayrog‘i tantanavor olib o‘tildi. Ishg‘ol usulida harbiy xizmatchilarning vertolyotlardan desant bo‘lib tushishi ko‘rsatildi. Harbiy orkestr va harbiy xizmatchilarning qo‘l jangi elementlari bilan ko‘rgazmali chiqishlari ishtirokchilar olqishiga sazovor bo‘ldi. 

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Tadbirning asosiy qismida ikki tank ekipajining musobaqada ko‘rgazmali tarzda belgilangan to‘siqlardan o‘tishi va mashq shartidagi nishonlarni yakson etishi ko‘rsatildi.

G‘olib va sovrindor jamoa kubok, diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Ishtirokchilarga, shuningdek, dala sharoitida front orti ta’minotini tashkillashtirilishi va ish tartibi namoyish etildi. 

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Tantanada Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli hamda taniqli xonandalar tomonidan ijro etilgan kuy va qo‘shiqlar yig‘ilganlarga hushkayfiyat ulashdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?