Oʻzbekistonda bir paytlari Facebook va YouTube servislariga “blok” qoʻyganlar hozir qamoqda oʻtiribdi

15:10 05 Avgust 2019 Jamiyat
781 0

Foto: Screenshot / “Xalq so‘zi”

Xabaringiz bor, 2018-yil sentyabr oyida Oʻzbekistonda Facebook, YouTube va boshqa onlayn servislarga kirish muammosi paydo boʻlib, oktyabr oyidan tizimli xarakter kasb eta boshlagandi.

Oʻshanda ushbu kamchilikning asl sababi aytilmagan, biroq mazkur servislarga VPN orqali kirish mumkin boʻlib qolgandi. Natijada yurtimizda VPN xizmati ommalashib ketgandi. Buning ortidan Oʻzbekistonda biznes ham zarar koʻra boshlagandi. Joriy yil boshiga kelib mazkur muammo bartaraf etildi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari Komil Allamjonov Alter Ego loyihasi doirasida bloger Kirill Altmanga bergan intervyusida AOKA ushbu muammoni hal qilishga oʻz hissasini qoʻshganini tan oldi.

U Facebook va YouTubeʻga kim toʻsiq qoʻygan degan savolga, “Ular allaqachon qamoqda oʻtiribdi”, deya javob berdi.

K.Allamjonovdan bunday cheklovdan koʻzlangan maqsad nima deb soʻralganda, bu odamlar tarmoqlardagi salbiy materiallar(negativlar)ga qarshi shunday kurashish mumkin degan qarorga kelishganini taʼkidlagan.

“Ularning fikricha, gap birdaniga negativ koʻpayib ketganida edi. Va ular Facebook hamda YouTubeʻni yopib, salbiy maʼlumotlarni kamaytirish mumkin degan qarorga kelishdi. Ular bilan bu mavzuda jiddiy tortishuvim bor edi. Men negativ bilan unga qarshi dalillar(kontargument) va faktlar bilan kurashish kerakligini aytdim. Bu uzoq, lekin toʻgʻri yoʻldir. Boshqa yoʻl yoʻq. Bizning zamonda internetni oʻchirib qoʻyib, hech narsaga erisha olmaysan. Xoʻsh, Facebookʻni oʻchirib qoʻyishdi, yakunda nima boʻldi? Hamma VPNʻdan foydalanishni boshladi”, -dedi K.Allamjonov.

AOKA rahbari bergan intervyu bilan toʻliq holda ushbu havola orqali tanishishingiz mumkin.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?