O‘zbekistonda bir haftada 180 ta YTH sodir etildi, 27 kishi halok bo‘ldi

16:39 13 Avgust 2018 Jamiyat
271 0
Illyustrativ foto

O‘tgan haftada avtomobil yo‘llarida jami 180 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi matbuot xizmati “Xalq so‘zi“ga ma’lum qildi.

Manba xabariga ko‘ra, mazkur YTHlari natijasida 27 nafar fuqaro halok bo‘lgan, 177 nafar fuqaro turli darajadagi tan jarohatlari olgan.

Hafta davomida yo‘l-patrul xizmati inspektorlari tomonidan jami 84 ming 977 ta qoidabuzarliklar aniqlangan. Ularning 40 ming 701 tasini qo‘pol qoidabuzarliklar tashkil etadi. Jumladan, 1 ming 568 nafar haydovchi transport vositasini mast holda boshqargan, 11 ming 944 nafar haydovchi belgilangan tezlik talablarini buzgan, 1 ming 161 nafar haydovchi svetofor va chorrahalardan o‘tish qoidasiga amal qilmagan. Shuningdek, 12 ming 402 nafar haydovchi odam tashish qoidasini buzgani, 360 nafar haydovchi temir yo‘l kesishmalaridan o‘tishda qoidaga rioya qilmagani uchun to‘xtatildi va ularga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.

Bundan tashqari transport vositasining oynalarini me’yoridan ortiqcha qoraytirgan 668 nafar, harakat vaqtida telefondan foydalangan 870 nafar va xavfsizlik kamarlarini taqmasdan harakatlangan 14 ming 946 nafar haydovchiga nisbatan ham tegishli choralar ko‘rildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?