O‘zbekistonda bir haftada 144 YTH sodir etildi

15:29 09 Iyul 2018 Jamiyat
219 0

O‘tgan haftada O‘zbekiston avtomobil yo‘llarida jami 144 ta yo‘l-transport hodisasi yuz bergan. Bu haqda “O‘zbekiston 24” telekanalining “Tezkor xabarlar” dasturida ma’lum qilindi.

Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi matbuot xizmatining telekanalga bergan ma’lumotiga ko‘ra, ushbu YTHlar oqibatida 132 nafar fuqaro turli darajadagi tan jarohatlarini olgan. Qurbonlar soni haqida esa ma’lumot berilmagan.

Qayd etishlaricha, hafta davomida yo‘l-patrul inspektorlari tomonidan jami 74 844 ta qoidabuzarlik aniqlangan. Jumladan, 1 297 nafar haydovchi transport vositasini mast holda boshqarganligi, 11 818 nafar haydovchi belgilangan tezlik talablarini buzganligi uchun to‘xtatilgan va ularga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.

Shuningdek, harakat vaqtida telefondan foydalangan 918 nafar va xavfsizlik kamarlarini taqmasdan harakatlangan 14 253 nafar haydovchiga nisbatan ham tegishli choralar ko‘rilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?