Oʻzbekistonda baʼzi koʻpriklar nega qulab tushgandi?

15:17 20 Fevral 2019 Jamiyat
496 0

Arxiv foto

Qurilayotgan koʻpriklarning foydalanish muddati boʻyicha aniq meʼyor yoʻq. Hammasi undan qaysi hududda va qanday foydalanilishga bogʻliq. Bu haqda Transport vazirligi huzuridagi Yoʻl-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi koʻpriklarni nazorat qilish boʻlimi boshligʻi Xayrulla Boyboʻlatov Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Oʻzbekistonda avtomobil yoʻllari qurilishi: yutuq va muammolar” mavzusida matbuot anjumani vaqtida gapirib oʻtdi.

“Koʻpriklarning foydalanish muddati boʻyicha aniq meʼyor yoʻq. Uning chidamlilik muddati qaysi hududda va qanday foydalanilishga bogʻliq boʻladi. Masalan, qaysidir hududning tabiati sabab koʻprik tezroq yaroqsiz holga kelsa, qayerdadir katta yuk avtomobillar toʻxtovsiz qatnovi tufayli obyekt zarar koʻradi.

Baʼzi koʻpriklar qurilgan vaqtda yuk avtomobillarining yuk tashish quvvati 8-10 tonnagacha boʻlgan. Hozir esa 20-25 tonnalik mashinalardan foydalanmoqdamiz. Ham koʻprik eskirishi, ham ogʻir yuk mashinalarning harakatlanishi natijasida shunday holatlar yuzaga kelmoqda”, dedi Boyboʻlatov.

Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Shuhrat Nazarov esa Xorazmda qulab tushgan koʻprik borasida gapirib oʻtdi.

“Xorazmdagi sodir boʻlgan holatni darhol joyiga chiqib oʻrganganmiz. Ushbu voqeadan keyin Urganch–Cholish yoʻlining 10 kilometridagi kanalga qurilgan koʻprik, va shu bilan birga viloyatdagi jami 15ta koʻprikni kapital taʼmirlashga kirishganmiz. Yil oxiriga qadar yana 20ta koʻprik taʼmirlanishi koʻzda tutilgan”, deya gapirib oʻtdi Shuhrat Nazarov.

Eslatib oʻtamiz, 2018 yilda ikki marta Xorazmda koʻprik qulab tushgandi. Avgustda Xonqa tumani, Qoraqosh qishlogʻida avtomobil koʻprigining bir qismi qulab tushgan boʻlsa, noyabrda Urganch-Cholish yoʻlida shunday holat kuzatilgandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?