Oʻzbekistonda ayollar onkologik kasalligini oldi olinadi

09:46 18 Fevral 2019 Jamiyat
335 0

Yurtimizda ayollarda uchraydigan bachadon boʻyni saratonining oldini olishga qaratilgan Odam papillomasi virusiga qarshi vaksina joriy qilinmoqda. Sogʻliqni saqlash vazirligida oʻtkazilgan davra suhbati shu mavzuga bagʻishlandi. Unda vazirlikning masʼul xodimlari, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti, YUNISЕF va YUNFPAning Oʻzbekistondagi vakolatxonalari vakillari ishtirok etishdi. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi Axborot xizmati xabar berdi.

JSST maʼlumotlariga koʻra, har yili dunyo miqyosida 370 mingdan ortiq ayolda bachadon boʻyni saratoni birinchi bor qayd etiladi, shulardan 190 mingtasi ushbu kasallik oqibatida vafot etadi. Oʻzbekistonda esa bachadon boʻyni saratoni eng koʻp uchraydigan saraton kasalliklari orasida ikkinchi oʻrinda. Kasalliklar orasida xavfliligi koʻrsatkichi boʻyicha esa bachadon boʻyni saratoni barcha yoshdagi ayollar oʻrtasida koʻkrak bezi va oshqozon saratoni xastaliklaridan keyin uchinchi oʻrinda va tugʻish yoshidagi ayollar orasida bachadon boʻyni saratonidan oʻlim koʻrsatkichi ikkinchi oʻrinda turadi. Shunday qilib, papilloma virusi kasalliklarining salmogʻi yuqori boʻlib, uni oldini olish uchun samaradorligi yuqori va xavfsiz boʻlgan odam papillomasi virusi vaksinasi bilan emlash orqali bachadon boʻyni saratoni bilan kasallanishning kamayishiga erishish mumkin.

— Dunyoda OPVga qarshi vaksina bilan qizlar 2006 yildan boshlab emlanadi, — dedi JSSTning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi masʼul xodimi Kamola Safayeva. — Yuzdan ortiq mamlakatlar undan foydalanish uchun ruxsat olgan, ulardan 74 tasi vaksinani oʻzlarining milliy emlash kalendariga kiritgan. Koʻp yillik oʻrganishlar vaksinaning samarasi 10 yildan ortiq ekanini koʻrsatmoqda. Shu oʻrinda, koʻpchilikni vaksina qizlarning reproduktiv faoliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatmaydimi, degan savol qiziqtirishi tabiiy. Dunyoda oʻtkazilgan tajribalardan maʼlum boʻlishicha, ushbu vaksina qizlarni nafaqat bachadon boʻyni saratonidan himoyalaydi, balki ularning sogʻligʻini ham yanada mustahkamlaydi.

— Milliy emlash kalendari boʻyicha yurtimizda bolalar 12 ta boshqariladigan infeksiyaga qarshi davlat hisobidan profilaktik emlanadi, ularni qoʻllash evaziga koʻp yillardan buyon qator kasalliklarning oldi olinyapti, — dedi Sogʻliqni saqlash vazirligi Sanitariya-epidemiologiya nazorati bosh boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Dilorom Tursunova. — OPVga qarshi vaksinaning joriy qilinishi esa bachadon boʻyni saratoni kasalligining oldini olishga xizmat qiladi. Joylarda Global vaksina va immunizatsiya alyansi yordamida qurilayotgan muzlatgichli omborlarda vaksinalar sifatli saqlanadi va tarqatiladi. Vaksinalar joriy yilning birinchi yarmida yurtimizga olib kelina boshlaydi va oktyabr oyidan boshlab 400 ming nafarga yaqin 9 yoshli qizlar maktablarda va tibbiyotning birlamchi boʻgʻinlarida emlanadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?