Oʻzbekistonda avtotransport vositalari ishlab chiqarish hajmi oʻsib, benzin va dizel yetkazib berish kamaydi

10:53 19 Avgust 2019 Jamiyat
74 0

Davlat statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, 2019-yilning yanvar-iyul oylarida respublika korxonalari tomonidan 175,3 trln.soʻmlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan boʻlib, oʻtgan yilning tegishli davriga nisbatan sanoat ishlab chiqarishining fizik hajm indeksi 106,8 foizni tashkil etdi. Shu bilan bir qatorda 2018-yilning shu davriga nisbatan mehnat unumdorligi 5,8 foiz, sanoatda band boʻlgan bir kishiga sanoat mahsuloti ishlab chiqarish 97112,1 ming soʻmni tashkil etdi.

Togʻ-kon sanoati va ochiq konlarni ishlash – 3,9 foiz, ishlab chiqaradigan (qayta ishlash) sanoat - 7,9 foiz, elektr, gaz, bugʻ bilan taʼminlash va havoni konditsiyalash 3,5 foiz va suv bilan taʼminlash, kanalizatsiya tizimi, chiqindilarni utilizatsiya qilish 5,4 foizga oʻsishi jami sanoat ishlab chiqarish fizik hajmi oʻsishining asosiy omili boʻlib hisoblanadi.

Jami ishlab chiqaradigan sanoat tarkibida mashina va uskunalarni ishlab chiqarish, taʼmirlash va oʻrnatish, avtotransport vositalari, yarim pritseplar va boshqa tayyor buyumlarni ishlab chiqarish sohasi - 22,2 foiz (2018-yilning yanvar-iyul oylariga nisbatan fizik hajm indeksi oʻsishi 22,5 foiz), metallurgiya sanoatining ulushi - 22,4 foiz (6,1 foiz), toʻqimachilik, kiyim, teri mahsulotlarini ishlab chiqarish - 16,3 foiz (3,9 foiz), oziq-ovqat, ichimliklar va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish - 15,5 foiz (6,4 foiz), kimyo mahsulotlari, rezina va plastmassa buyumlarini ishlab chiqarish - 9,9 foiz (2,8 foiz) ni tashkil etdi.

Oʻz navbatida hisobot davrida avtomobil benzini ishlab chiqarish hajmi 595,1 ming tonnani tashkil etdi. Bu 2018-yilning mos davridagiga nisbatan (657,1 ming tonna) 0,6 foiz kamdir. Bu borada dizel yoqilgʻisi ishlab chiqarishda 6,3 foizlik pasayish kuzatildi(2019-yilda 626,4 ming tonna, 2018-yilda 650,6 ming tonna).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?