Oʻzbekistonda “Atlas festivali” va “Devzira” osh tanlov boʻlib oʻtadi

11:55 27 Avgust 2018 Jamiyat
267 0

Joriy yilning 11-15 sentyabr kunlari hunarmandlar shahri Margʻilonda anʼanaviy “Atlas bayrami” festivali boʻlib oʻtadi.

Respublika “Hunarmand” uyushmasi matbuot xizmati rahbari Nilufar Hotamovaning aytishicha, mamlakatimizda toʻrttinchi bor tashkil etilayotgan ushbu bayram YUNЕSKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi, Madaniyat vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi, YUNЕSKOning mamlakatimizdagi vakolatxonasi va Fargʻona viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilmoqda.

Maʼlumki, Prezidentimizning 2017 yil 17 noya­br­dagi“Hunarmandchilikni yanada rivojlan­ti­rish va hunarmandlarni har tomonlama qoʻllab-quv­­vatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Far­moni hunarmandchilik sohasida ham ijobiy natijalarni qoʻlga kiritishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bugungi kunda tarixiy qadamjolar va boshqa diqqatga sazovor goʻshalarga tashrif buyurayotgan chet ellik sayyohlar hunarmandlarimiz tomonidan oddiy qoʻl mehnati ila yaratayotgan moʻʼjizalar qarshisida lol qolayotgani barchamizni quvontiradi. Bu mahsulotlar Oʻzbekistonning tashrif qogʻoziga va turizm brendiga aylandi.

Yurtimizda turizmni rivojlantirish, mamlakatimizga kelayotgan chet ellik sayyohlar oqimini yanada koʻpaytirish, atlas, adras, zardoʻzlik va kashtachilik singari milliy mahsulotlarimizni keng targʻib etishdaanʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan “Atlas bayrami” festivalining oʻrni katta.

Festivalda mamlakatimizning barcha hududidan ishtirok etadigan hunarmandlar oʻz mahoratini namoyish etadi. Yosh hunarmandlar uchun taniqli ustalar ishtirokida anʼanaviy kashtadoʻzlik, tabiiy boʻyash, liboslar dizayni boʻyicha mahorat saboqlari tashkil etiladi.

Shuningdek, YUNЕSKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilishdagiilgʻor tajribalar roʻyxatiga kiritilgan hunarmandchilikni rivojlantirish markazining rasmiy ochilish marosimi (Margʻilon hunarmandchilikni rivojlantirish markazi) hamda “Buyuk ipak yoʻlidagi Sharq va Gʻarb madaniyatlari almashinuvi: Hanchjou-Margʻilon-Valensiya” mavzusidagi xalqaro ilmiy anjumani tashkil etiladi. Tadbir doirasida “Hunarmandlar shaharchasi” deb nomlangan amaliy sanʼat buyumlari yarmarkasi, Oʻzbekiston modelyerlari shou-defilesi, konsertlar, kurash musobaqasi, dorbozlar tomoshasi, “Devzira” osh tanlovi oʻtkazilishi ham koʻzda tutilan.

Mavjuda Xolmatova


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?