Oʻzbekistonda AQSHning mashhur kompaniyasi bilan hamkorlikda sanoat gazi boʻyicha qoʻshma korxona tashkil etiladi

18:26 14 Mart 2019 Iqtisodiyot
566 0

Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vaziri Alisher Sultonov AQSHning “Air Products” korporatsiyasi prezidenti Seyfi Gasemi boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.

Uchrashuv doirasida “Oʻzbekneftegaz” aksiyadorlik jamiyati va “Air Products” korporatsiyasi oʻrtasida “Qoʻshma korxona tashkil etish shartlari boʻyicha bitim” va “Oʻzaro anglashuv memorandumi” toʻgʻrisidagi hujjatlar imzolandi.

Taʼkidlash kerakki, “Air Products” bilan hamkorlik doirasida “metanol v olefinlar” (MTO) texnologiyasi asosida tabiiy gazni mukammal qayta ishlash boʻyicha investitsiya loyihasini amalga oshirish va shu asosda yuqori qoʻshimcha qiymatga ega boʻlgan neft-kimyo mahsulotlari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish masalasi ham muhokama etilmoqda.

“Shuni ishonch bilan aytishim mumkinki, rasmiy shaxslar bilan ilk marta boʻlib oʻtgan uchrashuvdan kelishuvlar imzolangunga qadar juda qisqa vaqt sarflandi va kompaniyamiz tarixida bunday voqea birinchi marta yuz berib turibdi. Bu, albatta, ishchi guruhlarimizning oʻzaro hamkorlikda faol ishlaganidan dalolat beradi. “Air Rroducts” dunyoning 50 ta mamlakati bilan hamkorlik qiladi, biroq u oʻz tarixida hamkorlik munosabatlarini bu darajada tez va shiddatli rivojlanishiga ilk marta guvoh boʻlib turibdi”, - deya taʼkidladi Seyfi Gasemi.

Amerika korporatsiyasi rahbari Toshkentda boʻlib turgan “Air Rroducts” delegatsiyasidan kompaniya oliy rahbariyatining deyarli butun tarkibi joy olganligini, bu esa tomonlar oʻrtasida turgan barcha masalalarni hal etishda muhim rol oʻynashini ham alohida qayd etib oʻtdi.

Uning aytishicha, Amerika korporatsiyasi ayni vaqtda Oʻzbekiston bilan hamkorlik qilishning beshta yoʻnalishini belgilab olgan. Ulardan birinchisi, uchrashuv doirasida imzolangan kelishuvga muvofiq sanoat gazi boʻyicha qoʻshma korxona tashkil etishdir. Bu borada geliy ishlab chiqarish loyihasi, ammiak va karbamid ishlab chiqarish boʻyicha zavod qurish loyihalari oʻrganilmoqda, shuningdek, ”metanol va olefinlar” texnologiyasi boʻyicha yirik loyihani amalga oshirish chora-tadbirlari ham koʻrilmoqda. Korporatsiya mazkur loyihani dunyoning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlikda amalga oshirishni rejalashtirgan.

“Qisqa qilib aytganda, hamkorlik yuzasidan aniq loyihalarimiz bor va ularni roʻyobga chiqarish uchun hamkorlikda ish olib boramiz. Biz bunga tayyormiz, istiqbol sari harakat qilishga istagimiz ham, imkoniyatimiz ham yetarli”, - dedi kompaniya rahbari.

1940 yilda tashkil etilgan “Air Rroducts” korporatsiyasi gaz ishlab chiqarish va gazni qayta ishlash, neft-gazni qayta ishlovchi, metallurgiya, elektr texnika uskunalari ishlab chiqarish boʻyicha dunyodagi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi.

“Air Products” kompaniyasi mutasaddilarining fikricha, Oʻzbekiston Respublikasi rivojlanishning hozirgi bosqichida neft-gaz va neft-kimyo sanoatiga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb etishga, ayniqsa, uglevodorod xomashyosi va yuqori qoʻshimcha qiymatga ega boʻlgan mahsulotlarni ishlab chiqarishga alohida ahamiyat qaratayotganligi bilan ham xorijlik sarmoyadorlar eʼtiborini tortmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?