Oʻzbekistonda AQSH universitetining magistratura boʻlimi ochildi

12:10 07 Sentyabr 2018 Jamiyat
353 0
Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tashabbusi bilan Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetida AQSHning Vebster universiteti bilan hamkorlikda TESL — “Ingliz tilini ikkinchi til sifatida oʻqitish” akademik dasturi boʻyicha bir yillik magistratura yoʻlga qoʻyildi.

Mazkur loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil may oyidagi AQSHga davlat tashrifi chogʻida ikki mamlakat oʻrtasida hamkorlikni yanada rivojlantirish toʻgʻrisidagi imzolangan shartnomaga muvofiq amalga oshirilib, AQSHning Markaziy Osiyodagi ilk magistrlik taʼlim loyihasidir.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Ilk marotaba yoʻlga qoʻyilgan hamkorlikdagi dasturda ishtirok etish uchun Markaziy Osiyoning barcha davlatlaridan hujjat topshirgan talabgorlar orasidan 125 nafari tanlov asosida oʻqishga qabul qilindi.

Bir yillik magistraturada taʼlim toʻliq Vebster universiteti oʻquv dasturlari asosida amalga oshirilib, mashgʻulotlar Vebster universitetining malakali mutaxassislari hamda OʻzDJTUning maxsus tanlovdan oʻtgan professor-oʻqituvchilari tomonidan olib boriladi.

Oʻqishni muvaffaqiyatli yakunlagan bitiruvchilarga Vebster universitetining magistrlik diplomi beriladi.

Maʼlumot uchun, 2018 yil iyul oyida Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Vebster universiteti oʻrtasida imzolangan kelishuvga asosan keyingi yildan Vebster universiteti Oʻzbekistonda toʻlaqonli faoliyat koʻrsatadi.

2019 yil yanvar oyidan boshlab mazkur universitet bilan hamkorlikda Toshkent davlat Iqtisodiyot universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universitetida MBA dasturi boʻyicha kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?