O‘zbekistonda AliExpress orqali xarid qiladiganlar soni 90 foiz ko‘paydi

18:07 11 Iyun 2018 Iqtisodiyot
990 0

O‘zbekiston aholisi Xitoyning AliExpress onlayn savdo ilovasi orqali yanada ko‘proq mahsulotlar sotib ola boshladi. Bu haqda China News Service axborot agentligi SHHT sammitiga oid materiallar asosida xabar berdi.

Alibaba kompaniyasi o‘zaro oldi-sotdining aniq raqamlarini oshkor etmayapti, biroq xabar berishicha, O‘zbekiston aholisining bu boradagi tranzaksiyalari hajmi 90 foiz, Tojikistonda 110 foiz va Qozog‘istonda 82 foiz oshgan.

“Mazkur mamlakatlar aholisi asosan kiyim-kechaklar, akssesuarlar, mobil telefonlar, maishiy texnikalar va kosmetika mahsulotlarini xarid qilyapti”, deyiladi unda.

Umuman olganda, 2017 yilda SHHTga a’zo davlatlar hududida yashovchi 20 milliondan ziyod kishi AliExpress orqali xaridlarni amalga oshirgan.

Ushbu davlatlardagi Alibaba sotuvchilari soni 80 million nafarga yetgan va bu oxirgi uch yildagi ko‘rsatkichlar sakkiz barobar ortganini anglatadi. Ularning necha nafari O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri kelishi ma’lum emas.

Kompaniya SHHTga a’zo mamlakatlar hududida an’anaviydan ko‘ra elektron savdo qulayroq ekanligini e’tirof etyapti. Yaqin yillar ichida Alibabamintaqadagi ishtirokini kengaytirmoqchi.

Yuqorida nomi tilga olingan ilova oxirgi besh yil davomida mamlakatimizda App Store bo‘yicha yetakchi bo‘lib kelayotir. Shunday qilib u bu boradagi an’anaviy yetakchi Telegramni ortda qoldirmoqda.

O‘zbekistonlik foydalanuvchilar xarid uchun Visa, MasterCard, UnionPay kabi konvertatsiya va valyuta kartalari, Qiwi yoki WebMoney tizimlari orqali pul to‘lashlari mumkin.

Kobeyjing kartalari chiqishi bilan, bu borada ulardan ham foydalanish imkoniyati paydo bo‘ladi. Buning uchun valyutani konvertatsiya qilish shart emas, tizim o‘ziga zarur summani kerakli valyutada, hatto kartada o‘zbek so‘mi bo‘lsa ham, yechib olaveradi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?