Oʻzbekistonda axborot-kutubxona haftaligi oʻtkazilmoqda

15:58 16 Oktyabr 2018 Jamiyat
317 0

Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasida “Infolib Uzbekistan — 2018“ VII Milliy axborot-kutubxona haftaligi tashkil etildi.

Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi tomonidan qator davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligida oʻtkazilayotgan tadbir yurtimizda axborot-kutubxona faoliyatini yanada takomillashtirish, kitobxonlikni targʻib etish maqsadida oʻtkazilmoqda.

— Xalqimizning axborot madaniyatini yuksaltirish, milliy madaniy merosimizni asrash, yoshlarning mutolaaga boʻlgan qiziqishini oshirish, axborot-kutubxona foydalanuvchilariga internet orqali xizmat koʻrsatish imkoniyatlarini kengaytirish bugungi kun talabidir, — deydi Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi direktori A.Abduazizov. — Mazkur haftalik kutubxonalar faoliyatiga oid yangi zamonaviy texnologiyalar bilan oʻquvchilarni kengroq tanishtirish, aholining turli qatlamlariga xizmat koʻrsatishni tashkil etishda ziyo maskanlarining ijtimoiy-madaniy rolini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Haftalik doirasida “Kitob va kitobxonlik — inson maʼnaviyati koʻzgusi” mavzusida respublika seminari, “Axborot-kutubxona muassasasining eng yaxshi mutaxassisi — 2018” tanlovining respublika bosqichi boʻlib oʻtadi. Shuningdek, AQSH Kongress kutubxonasi bilan birgalikda kutubxona fondlarini raqamlashtirish va saqlash sohasida tajriba almashish maqsadida videokonferensiya, axborot-kutubxona muassasalari mutaxassislarining bibliografik bilimini oshirish boʻyicha “Bibliograf maktabi”ning nazariy va amaliy mashgʻulotlari, “Katalogizator maktabi” — Axborot-kutubxona resurslarini kataloglashtirish oʻquv treningi hamda boshqa qator tadbirlar oʻtkazilishi ham koʻzda tutilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?