Oʻzbekistonda AES uchun joy tanlash va qurilish ishlarini boshlash muddatlari maʼlum boʻldi

10:21 11 Fevral 2019 Jamiyat
762 0

Oʻzbekistonda AES uchun maydonni shu yil oktyabr oyigacha tanlash, 2022 yildan boshlab esa qurilishning oʻzini boshlash rejalashtirilyapti. Bu davlatimiz rahbarining 7 fevraldagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida 2019-2029 yillarda atom energetikasini rivojlantirish Konsepsiyasida belgilab qoʻyildi.

Unga koʻra, 2020 yil noyabr oyigacha AESni joylashtirish uchun litsenzis olish, shundan soʻng AESning oʻzini va uning tashqi infratuzilmalarini loyihalashtirishni boshlash koʻzda tutilmoqda. Loyiha TIA(TEO)sini ishlab chiqish 2021 yildan boshlash moʻljallangan.

Qurilish ishlarini boshlash esa 2022 yilga rejalashtirilgan, shundan soʻng AES barpo etish uchun Rossiya kreditini jalb etish toʻgʻrisidagi bitim tayyorlanadi, moliyalashtirishning uzoq muddatli rejasi tasdiqlanadi va litsenziya olinadi. AESni 2030 yilda foydalanishga topshirish moʻljallanyapti.

Qurilishni moliyalashtirish Oʻzbekistonning oʻz mablagʻlari va Rossiya davlat kreditlari hisobiga amalga oshiriladi. Tashqi infratuzilmalar Davlat byudjeti, Atom energetikasini rivojlantirish jamgʻarmasi, investorlar mablagʻlari va boshqa manbalar hisobidan bunyod etiladi.

AES bilan birga yadro infratuzilmasi ham yaratiladi. U ham qisman Rossiya krediti evaziga moliyalashtiriladi. Rossiya, shuningdek, kadrlar tayyorlash va malakasini oshirishga ham koʻmak beradi.

Boʻlajak AES III+ avlodiga mansub va har birining quvvati 1,2 GVt.ga teng boʻlgan ikkita energoblokdan tashkil topadi. Bu Oʻzbekiston iqtisodiyotining elektr energiyasiga nisbatan oʻsib borayotgan ehtiyojini qondirish imkonini berishi kutilyapti.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?