Oʻzbekistonda AES qurish uchun maydon bir oy ichida aniq boʻladi

11:52 16 Aprel 2019 Jamiyat
391 0

Oʻzbekiston energetika vaziri oʻrinbosari — “Oʻzatom” agentligi direktori Joʻrabek Mirzamahmudov Rossiyaning Sochi shahrida boshlangan “Atomekspo-2019” xalqaro forumida chiqish qilar ekan, mamlakatimizning AES boʻyicha tanloviga shunday izoh berdi.

Maʼlumki, oʻtgan yil Rossiya Federatsiyasi Prezidentining yurtimizga qilgan davlat tashrifi chogʻida Oʻzbekiston va Rossiya yetakchilari mamlakatimizda birinchi AES qurish loyihasi boʻyicha qaror qabul qilishgan edi. Mirzamahmudovning soʻzlariga qaraganda, atom dasturining boshlanishi bu trend emas, balki iqtisodiy yechimdir. Diyorimiz uglevodorodga boy, uning gidroenergetika salohiyati ulkan. Biroq aholi, iqtisodiyot oʻsib boryapti, ehtiyojlar oshmoqda, boz ustiga qazilma boyliklar cheksiz emas. Shuning uchun ham mazkur qaror qabul qilindi. U kelajakka nazar boʻlib, nafaqat uzoq yillar uchun energiya taʼminotini kafolatlaydi, balki ilm-fanni rivojlantiradi, yangi ish oʻrinlarini yaratadi.

“Atomekspo-2019” forumi Sochida oʻn birinchi bor oʻtkazilishi. U davlat tuzilmalari, yirik kompaniyalar rahbarlari, jamoatchilik tashkilotlari va ekspertlarni birlashtiruvchi dunyodagi yirik maydon hisoblanadi. Bu yerda 18 ta majlisda bir stol atrofida tinch atom asosidagi innovatsion taraqqiyot muhokama qilinadi. Zero, tadbirning bosh shiori ham “Atom texnologiyalari yaxshi hayot uchun” deb ataladi. RF rahbari Vladimir Putinning ishtirokchilar va mehmonlarga yoʻllagan tabrik soʻzida qayd etilganidek, oʻtgan davr mobaynida forum oʻz nufuzini mustahkamladi, yirik xalqaro tarmoq tadbiri va talabgir muhokama maydoniga aylandi. Chunki bu yerda atom energetikasi va sanoatining dolzarb muammolari koʻrib chiqilyapti, istiqbolli ishbilarmonlik aloqalari yoʻlga qoʻyilayotir.

Forum anʼanaga muvofiq “Rosatom” davlat korporatsiyasi tomonidan oʻtkazib kelinmoqda. Uning direktori Aleksey Lixachevning soʻzlariga koʻra, tashkil etilgandan buyon ushbu maydon keng muhokama klubiga aylandi. Joriy yilda Sochida 3500 mingdan ziyod delegat hozir boʻldi. Xususan, unda qatnashadigan xorijliklar soni ikki barobar koʻpaydi. Ular 74 mamlakat — kurrai zamindagi suveren davlatlardan uchdan biri nomidan tashrif buyurishgan. Bunday qiziqish bejiz emas: bugun mazkur tarmoq vakillari ishtirok etmayotgani sohaning oʻzi yoʻq. A.Lixachev atomchilarning qizgʻin faoliyati bashariyat taraqqiyoti maqsadlari bilan chambarchas bogʻliq deb hisoblaydi. Mazkur texnologiyalar sayyoramiz kelajagi uchun poydevor yaratadi.

Bugungi kunda tinch atomdan keng foydalanilmoqda. Zotan, uni oʻzlashtirish koʻplab davlatlar va mintaqalar ravnaqiga turtki beryapti. MAGATE bosh direktori oʻrinbosari Mixail Chudakovning aytishicha, bugungi kunda dunyoda atom energetikasini rivojlantirmoqchi boʻlayotgan mamlakatlar soni 30 ta boʻlsa, yana shunchasi mazkur tarmoqni yoʻlga qoʻygani holda global energiya oqimining 11 foizini ishlab chiqaryapti.

Ularning ichida Oʻzbekiston ham “katta atom klubi” safiga kirishga intilmoqda. Oʻzbekistondagi AES SSER-1200 tipidagi reaktorli ikkita energiya blokiga ega boʻlishi rejalashtirilyapti. “Rosatom” davlat korporatsiyasi uni xavfsizlikning eng oxirgi(Fukusimadan keyingi) standarti boʻlgan “3+” asosida barpo etmoqchi. Ishlab chiquvchilarning taʼkidlashicha, bu hozirgi mavjud yechimlarning eng ilgʻoridir.

Joʻrabek Mirzamahmudov Forumda koʻpchilikni qiziqtirayotgan qator masalalar, xususan, AES qayerga qurilishiga oid savolga javob berdi.

— Mamlakatimiz hududida AES qurilishi uchun asosiy maydon oy davomida aniq boʻladi, - dedi u. — AES uchun xavfsizlikning barcha tomonlariga javob beradigan va taqiqlovchi omillar yoʻq boʻlgan eng munosib joyni tanlash boʻyicha maydon qidiruv ishlari yakunlandi. Hisobotlar tayyor. Hozirda ularni “Rosatom” davlat korporatsiyasi va ixtisoslashtirilgan institutlardagi hamkorlarimiz oʻrganishmoqda. Ularning asosida stansiya texnik loyihalari ostida muhandislik qidiruvlari olib boriladigan ustuvor(asosiy) maydon tanlanadi.

“Oʻzatom” rahbarining qayd etishicha, mazkur maʼlumotlarni oʻrganish asosida atrof-muhitga taʼsir bahosi tayyorlanadi va u ekspertiza hamda jamoatchilik muhokamasidan oʻtkaziladi.

Maʼlumki, atom tebranishlari soniyaning milliardli ulushlarida hisoblanadi. Shunga qaramay, loyihalarni roʻyobga chiqarishda shoshma-shosharlikka yoʻl qoʻymaslik maʼqul koʻriladi. Bunda tarmoqda texnologik inshootlarning qiymatiga ham ahamiyat beriladi albatta. Binobarin, loyiha oʻtadigan bosqichlar oylar, hatto yillarga choʻziladi. Ayni chogʻda Forumda Oʻzbekiston oʻz atom dasturini izchil amalga oshirayotgani haqida fikrlar bildirildi. Xususan, RF Prezidenti Adminstratsiyasi birinchi rahbari, “Rosatom” kuzatuv kengashi raisi Sergey Kiriyenkoning aytishicha, respublikamiz hech mubolagʻasiz oxirgi bir necha yilda delegatsiyalarning ilk maqsadlariyu tashriflari amaliy ishga aylanib ketgan mamlakatlar qatoridan joy oldi. Zero, bunday shijoat davlat iqtisodiyotini real oʻzgartirib, barqaror rivojlanish uchun ulkan salohiyat yaratadi, odamlar hayot darajasini yuksaltiradi.

Tadbirda inson kapitali rivoji haqida ham gap bordi. Ayonki, ushbu masalaga yurtimizda barcha sohalarda jiddiy qaraladi. Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzolari aytib oʻtganlaridek, atom energetikasini rivojlantirish boʻyicha dastur qabul qilinishining ertasi kuniyoq MIFI — yadro universiteti filialini tashkil etish toʻgʻrisidagi hujjat imzolandi. Hozirda Toshkent boʻlimi joriy yildan boshlab birinchi talabalarni qabul qilishi uchun bor imkoniyatlar ishga solinyapti. 57 nafar yoshlarimiz esa Moskvada oʻqishni boshlab yuborishgan, ular Rossiyadagi soha korxonalarida amaliyot oʻtashadi.

Eʼtirof etish joiz, Oʻzbekiston uchun jabhada tadqiqotlar olib borish yangilik emas. 1959 yildayoq tadqiqot reaktori ishga tushirilgan, yadro fizikasi, matematik modellashtirish boʻyicha izlanishlar olib borilgan. Aynan “Oʻzatom”dagi tajriba va yangi bilimlardan atom stansiyasini qurish, ishga tushirish hamda ekspluatatsiyaga topshirishda foydalanish rejalashtirilyapti. Ushbu ishlarga ekspertlar ham jalb etiladi. Ular hozircha toʻrt nafar — Rossiya, Belarus va Chexiyadan. Kelgusida boshqa mamlakatlardan ham mutaxassislar taklif etiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?