Oʻzbekistonda AES qurilishi uchun tanlangan ustuvor maydon MAGATE talablariga qay darajada javob beradi? (Foto)

10:50 09 Sentyabr 2019 Jamiyat
242 0

Oʻzbekistonda ilk AES qurilishi uchun qanday joy tanlangan? U MAGATE talablariga javob beradimi? Ayni paytda bu borada qanday tadqiqotlar, amaliy ishlar olib borilyapti.

Yaqinda Energetika vazirligi, “Oʻzatom” agentligi tomonidan tashkil etilgan navbatdagi press-turda mass-media va blogsfera vakillari ushbu savollarga atroflicha javob oldilar.

Xususan, oʻzbekistonlik bir guruh blogerlar, jurnalistlar, energetika sohasi va turdosh sohalar mutaxassislari va boshqa manfaatdor shaxslar Jizzax viloyatining Forish tumani Tuzkon koʻli yaqinidagi AES qurilishi uchun tanlangan ustuvor maydonga tashrif buyurdi.

Taʼkidlash joiz, ishtirokchilar tarkibi koʻngili ravishda tuzildi. Yaʼni u barcha xohlovchilar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi va “Oʻzatom” agentligining rasmiy pochta manzillarga yoʻllangan buyurtmalar asosida shakllantirildi.

Safar davomida ishtirokchilar Oʻzbekistonda AES qurilishi istiqbollari bilan tanishdi, qurilish joyida olib borilayotgan muhandislik-qidiruv ishlarining ikkinchi bosqichi haqida amaliyotchi mutaxassislar, olimlar va ekspertlardan bevosita axborot olishdi.

Ayni paytda Rossiyaning “Atomstroyeksport” korxonasi va “OzGashkLITI” DUK mutaxassislari ushbu hududda geofizik va seysmologik ishlarni olib bormoqda. Tadqiqot natijalari oʻrganib chiqiladi va ularning asosida atom elektr stansiyasining texnik ishlanmasi davom ettiriladi. Texnik loyiha asosida muhandislik tadqiqotlarini olib borish dasturini ishlab chiqish, shuningdek, xodimlar va texnikani safarbar qilish boshlandi.

– Biz har biri 250 betli boʻlgan 18 tomdan iborat hisobot topshirdik, - “Qurilishda muhandislik qidiruvlari, geoaxborot va shaharsozlik kadastri davlat loyiha ilmiy tadqiqot instituti” davlat unitar korxonasi(OzGashkLITI) bosh direktori Yoʻldosh Maʼrupov. - MAGATEning oʻta qatʼiy talablaridan har biri boʻyicha 1000 ta dalil berildi. MAGATE tomonidan ular mavjud boʻlgan taqdirda AES qurilishi muammoli boʻladigan 15 ta “nomaqbul omil” keltirilgan. Bizning maydonchamiz esa ularning 14 tasidan xoli. Bu dunyoda kamdan-kam hollarda uchraydi. 15- omil esa yer osti suvlarining yer sathidan 6-12 metr chuqurlikda joylashuvi muhandislik usuli bilan oson hal qilinadi.

Ekspertlarning aytishicha, yerosti platalari bir yilda 10 millimetrgacha suriladigan va 9 balldan ziyod zilzila yuz berishi ehtimoli bor joyda atom elektr stansiyasi barpo etish mumkin emas. Seysmologiya instituti vakili V.Ismoilovning taʼkidlashicha, tanlangan maydonda bunday xavf yoʻq.

Umuman olganda, ustuvor maydondagi muhandislik tadqiqotlarini 2019-yilning oxirigacha yakuniga yetkazish rejalashtirilgan. Ularning natijalari esa Atrof-muhitga taʼsirini baholash (AMTB) asosini tashkil etadi.

Bunda ishlar rejasiga muvofiq, 2020-yilning oxirigicha AMTB ishlab chiqiladi va jamoat eshituviga qoʻyiladi. Yuqorida tilga olingan muhandislik-tadqiqot ishlari natijalariga koʻra, mazkur maydonga ruxsat olish uchun tegishli materiallar yadroviy va radiatsion xavfsizlik organi – Davlat sanoat xavfsizligi qoʻmitasiga yuboriladi.

“Oʻzatom” agentligi maʼlumotiga koʻra, yaqin kunlarda OAV va jamoatchilikni Oʻzbekistonning energetika sohasidagi islohotlari bilan tanishtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti va “Oʻzatom” agentligining Atom texnologiyalari boʻyicha axborot markaziga ham press-tur uyushtiriladi.

Eslatib oʻtamiz, shu yil iyul oyida “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi tomonidan “Oʻzbekiston fuqarolari atom elektr stansiyasini qurish haqida” mavzusida tadqiqot oʻtkazgan edi.

Qator soha va tarmoqlarda faoliyat koʻrsatayotgan turli ijtimoiy guruhlarning vakillari ishtirok etgan tadqiqot natijasiga koʻra, respondentlarning yarmidan koʻpi (69,5%) atom energiyasi haqida yetarlicha maʼlumotga ega. Respondentlar energetikaga boʻlgan ehtiyojlarni qondirish va gaz kabi tabiiy resurslarni tejashda tinch atomni qoʻllash muhimligini taʼkidlagan.

Binobarin, soʻrov natijasidan mamlakatimiz fuqarolari birinchi atom elektr stansiyasini qurish boʻyicha qarorni qoʻllab-quvvatlashi maʼlum boʻldi. Ahamiyatlisi shundaki, respondentlarning 83 foizi “Men Oʻzbekistonda quriladigan birinchi AES bilan faxrlanaman” va 85,6 foizi “Men AES faoliyatini qoʻllab-quvvatlayman” degan fikrga qoʻshilgan. Har ikkinchi respondent (55,7 %) inshoot qurilishida yoki AESning oʻzida ishlashga xohishi bor ekan. Bu istak, ayniqsa, yoshlar tomonidan koʻproq (71,6 %) bildirilgan.

S.MAXSUMOV,
(“Xalq soʻzi”)


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?