Toʻdakoʻl suv havzasi hududida turistik plyaj zonasi, jumladan, Disneylend tashkil etilmoqda

12:13 14 Aprel 2020 Iqtisodiyot
523 0

Toʻdakoʻl suv havzasi hududida joylashgan yozgi, qulay dam olish maskanida “Silk Road Resort & Spa” MCHJ tomonidan yangi ekoturizm hududi tashkil etilib, plyaj zonasi yaratilishi rejalashtirilgan.

Ayni vaqtda 15 gektar maydondan iborat boʻlgan mazkur hudud boʻylab yozgi dam olish sayyohlik maskanini barpo etish ishlari qizgʻin olib borilmoqda. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi xabar berdi.

Ushbu manzil viloyatga tashrif buyuruvchi mehmonlar, qolaversa, mahalliy aholimiz uchun oldinda turgan jazirama faslda oʻzining yuqori sifatli xizmatlarini taklif etishni maqsad qilgan. Yuqori jahon andozalariga javob bera oladigan yozgi dam olish maskani loyihasining umumiy qiymati 3 mrld. soʻmni tashkil etib, uning faoliyati yoʻlga qoʻyilishi natijasida viloyatda yana 150 ta yangi ish oʻrni yaratilishi nazarda tutilgan.

Shuningdek, ushbu sayyohlik obyekti plyaj, basseyn, akvapark, mini Disneylend, 50 oʻringa moʻljallangan mehmonxona, dam olish ayvonlari, restoran, yozgi terassa, SPA salon, tabiat qoʻynidagi oʻyingoh, tibbiyot burchagi, sogʻlomlashtirish maskani, sport oʻyingohi, avtoturargoh va maxsus suv transportlari kabi turli qoʻshimcha xizmatlarni oʻz ichiga olib, bunda tashrif buyuruvchilar uchun ochiq osmon ostida oʻtkaziladigan bir-biridan qiziqarli konsert va shou dasturlari maroqli dam olishga xizmat qiladi.

Ayni vaqtda mamlakatimizda kechayotgan epidemiologik vaziyatda mazkur loyiha maydoni uzra karantin va gigiyena qoidalariga rioya etgan holda, tashkillashtirish ishlari qizgʻin davom etmoqda. Hozirga qadar 7 ming tup manzarali daraxtlar ekish moʻljallangan hududda 3 ming tup koʻchatlar ekilib, plyaj obyekti boʻylab tabiiy chim-maysalar yotqizilgan. Jadal tarzda kunu tun borayotgan qurilish ishlari yaqin kunlarda oʻz samarasini koʻrsatadi. Taʼkidlash joizki, viloyatda bu kabi jonkuyar soha tashabbuskorlari bor ekan, bu kabi plyaj hududlarining soni yana-da koʻpayib, yurtimizning turizm salohiyati kun sayin yuksalib, rivoj topib boraveradi. Ushbu loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-yanvardagi Farmoni ijrosini taʼminlash hamda viloyatda eko- va agroturizmni rivojlantirish maqsadida amalga oshirilmoqda. 
 

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?