Oʻzbekistonda 60 ming AQSH dollaridan kam boʻlmagan ish haqi belgilandi. Uni kimlar olishi mumkin?

17:03 13 Noyabr 2018 Iqtisodiyot
2474 0

Prezidentimizning “Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy davlatlarning malakali mutaxassislari tomonidan mehnat faoliyatini amalga oshirishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Qaror bilan malakali chet ellik mutaxassislar mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun qulay sharoitlar yaratish, yurtimizning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish va uni mutlaqo yangi pogʻonaga koʻtarish, raqobatdosh mehnat resurslarini jalb qilishni ragʻbatlantirish boʻyicha bir qator yangi qoidalar joriy etilmoqda.

Xoʻsh, ular nimalardan iborat?

Jumladan, yurtimizda yuqori malakali mutaxassislar, deb xalqaro reytingda birinchi 1000 talikka kiradigan oliy taʼlim muassasalarini bitirgan, mutaxassisligi boʻyicha 5 yildan kam boʻlmagan ish tajribasiga ega chet el fuqarolari tan olinadigan boʻldi. Ularga Oʻzbekiston Respublikasida yiliga 60 ming AQSH dollaridan kam boʻlmagan summada ish haqi belgilanadi.

Malakali mutaxassislar, deganda esa oliy maʼlumotli, mutaxassisligi boʻyicha kamida 5 yillik ish tajribasiga ega chet el fuqarolari tushuniladi. Ularning yillik oylik maoshi miqdori kamida 30 ming AQSH dollarini tashkil etishi mumkin.

Agar ushbularni Oʻzbekistonning xorijlik mutaxassislarga talabi, deb qabul qiladigan boʻlsak, tabiiyki, ish bajaruvchining ham oʻziga yarasha shartlari boʻladi. Qarorda ayni shu shartlarga javob boʻladigan imtiyozlar ham oʻz ifodasini topgan.

Masalan, ular koʻp martalik mehnat vizasini olish huquqiga ega boʻladi. Qolaversa, viza muddati tugagan taqdirda Oʻzbekiston hududidan chiqmasdan turib, viza uchun qayta murojaat qilishlari mumkin. Yana bir qulaylik shuki, ularning oila aʼzolariga ham yashashlari uchun tegishli viza hujjatlari rasmiylashtiriladi. Mabodo yuqori malakali xorijiy mutaxassis obyektiv sabablarga koʻra, jalb qilingan korxonada ishlay olmasa, unga 30 kun ichida Oʻzbekiston Respublikasi hududida boshqa korxona topib, oʻsha yerda ishlashiga imkon beriladi” — deydi Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi oʻrinbosari Erkin Muhitdinov.

Shuningdek, hujjatda xorijlik malakali mutaxassislarning Oʻzbekistonda mehnat faoliyatini olib borishi va investitsiyalarni jalb etishi uchun yana koʻplab imtiyozlar belgilangan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?