Oʻzbekistonda 2025-yilgacha energetika tizimida muqobil energiya manbalari ulushini 20 %ga yetkazish moʻljallanmoqda

16:10 22 Avgust 2019 Jamiyat
173 0

Illyustrativ foto

2019-yilning 19-avgust kunidan beri Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari Ilhom Neʼmatov boshchiligidagi delegatsiya Songdo shahrida (Koreya Respublikasi) Yashil iqlim fondini dasturlashtirish boʻyicha global konferensiyada ishtirok etmoqda. Bu haqda TIV xabar berdi.

Konferensiyadan oldin Tashqi ishlar vaziri birinchi oʻrinbosari Ilhom Neʼmatovning BMT sobiq bosh kotibi, Yashil taraqqiyot global instituti (GGGI) raisi Pan Gi Mun bilan qisqa uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbari Pan Gi Munga Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning iliq salomlarini va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Pan Gi Mun, oʻz navbatida, Oʻzbekiston rahbarining Orol muammosiga va dunyodagi iqlim oʻzgarishiga qaratayotgan eʼtiborini hamda ekologik fojia hududida uning oqibatlarini bartaraf etish va oʻsimlik olamini qayta jonlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng miqyosdagi chora-tadbirlarni yuqori baholadi. U Mongoliyaga tashrifi sababli alohida uchrashuv oʻtkaza olmayotganligi uchun uzr soʻradi va oʻzining oʻrinbosari, Elchi Kim Hyo In va Yashil iqlim fondi ijrochi direktori oʻrinbosari Haver Mansanaresga Orol muammosi boʻyicha Oʻzbekistonning loyihalarini batafsil muhokama qilishni buyurganini aytdi.

140 dan ortiq davlatlarning delegatsiyalari ishtirok etayotgan nufuzli konferensiyada 21-avgust kuni Oʻzbekiston delegatsiyasi vakili nutq soʻzladi. U iqlim oʻzgarishi oqibatlari bilan kurashish va moslashish masalalari Oʻzbekiston Hukumati kun tartibining ajralmas qismini tashkil etishini alohida taʼkidladi.

Konferensiya qatnashchilari eʼtibori mamlakatimiz tomonidan BMTning iqlim oʻzgarishi toʻgʻrisidagi Hadli konvensiyasi 1993-yilda imzolanganligiga va oʻtgan yil dekabr oyida Iqlim boʻyicha Parij bitimini ratifikatsiya qilinganiga qaratildi. Oʻzbekistonda Parij bitimi boʻyicha majburiyatlarni bajarish maqsadida respublikaning “yashil iqtisodiyot”ga oʻtish Strategiyasi ishlab chiqilgan. Strategiya sanoatni bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish, iqtisodiyotning asosiy sektorlarida energiya samaradorligini va energiya tejamkorligini oshirishga yoʻnaltirilgan. Energiyaning qayta tiklanuvchi manbalarini rivojlantirish mamlakatning, ayniqsa, uning energetika sektorining “yashil iqtisodiyotga” oʻtish jarayonida muhim rol oʻynaydi.

“2025-yilgacha energetik quvvatlarni ishlab chiqish tizimida qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 20% yetkazish moʻljallanmoqda”, – deya taʼkidlandi.

Shuningdek, Orol dengizining qurishi muammosiga ham toʻxtalib oʻtildi. Taʼkidlandiki, “bir avlod koʻz oʻngida butun boshli dengizning yoʻq boʻlishi tamaddunlar tarixida kuzatilmagan holatdir. Bugun mazkur halokat mintaqa chegarasidan oshib oʻtib, global muammoga aylandi, xalqaro tashkilotlar, siyosatchilar, olimlar va butun dunyo ekspertlarining jiddiy eʼtiborini talab qiladi”.

Ekologik halokat oqibatlarini yumshatish borasidagi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ishlar delegatlarda qiziqish uygʻotdi. Xususan, 2018-yilda boshlangan Orol inqirozi oqibatlari bilan kurashish boʻyicha yangi Davlat dasturi doirasida oʻtgan yil dekabr oyidan hozirga qadar Oʻzbekistonda Orol dengizi qurib qolgan tubidagi 500 ming gektar sahroni daraxtzorga aylantirish borasida ulkan ishlar bajarildi.

Shu bilan birga oʻtgan yil oktyabrda shoʻrlanish sharoitida Respublika Prezidenti huzuridagi Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazi, 2018-yil noyabr oyida esa BMT shafeligida Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻpsheriklik trast fondi hamda choʻl va ozuqa ekinlari koʻchatlarini yetishtirish bilan shugʻullanuvchi Orol dengizi havzasida innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tashkil etildi.

Mazkur yangi tuzilmalar Orolboʻyi mintaqasida iqlim oʻzgarishi sharoitida choʻllashish va ekologik migratsiya jarayonining davom etishini oldini olishga moʻljallangan ekologik toza texnologiyalarni, “yashil” iqtisodiyot tamoyillarini, energiya va suvni tejovchi texnologiyalarni joriy qilish maqsadida tashkil etildi.

Oʻzbekiston tomoni shu munosabat bilan xalqaro sheriklarni Orolboʻyi mintaqasida qoʻshma innovatsion loyihalarni amalga oshirish uchun yuqorida koʻrsatib oʻtilgan fondlar bilan yaqindan hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga chaqirdi. Oʻzbekistonda iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish va Orol fojiasi oqibatlarini hal qilish borasidagi intilishlarni amalga oshirish uchun samarali xalqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyishning zarurligini toʻliq anglashadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?