O‘zbekistonda 2017 yilda narkovaziyat qanday bo‘ldi? Aniq raqam va faktlar

11:26 26 Iyun 2018 Jamiyat
380 0

Giyohvandlik vositalarini yetishtirishda jahonda yetakchi o‘rinlarda turadigan davlatlardan biri sanalgan Afg‘oniston bilan chegaradoshlik O‘zbekistondagi narkovaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Xalqaro ekspertlarning aniqlashicha, 2017 yilda Afg‘onistonda ko‘knori yetishtiriladigan maydonlar 328 ming gektarni(2016 yilda 201 ming gektar)*, ishlab chiqarilgan opiy miqdori 9000 (4800) tonnani tashkil etgan.

2017 yilda mamlakatimiz huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan narkotrafikka qarshi kurashga qaratilgan salmoqli ishlar amalga oshirilib, bu jarayonda giyohvand moddalarni mamlakatimizga olib kirish yo‘llarini berkitish, ularning nafaqat respublikamiz ichida noqonuniy muomalada bo‘lishi, balki hududimiz orqali tranzit qilinishiga chek qo‘yish hamda barqaror uyushgan jinoiy guruhlarni yo‘q qilishga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi narkotik moddalarni nazorat qilish Milliy axborot-tahlil markazi ma’lumotlariga ko‘ra, huquq tartibot idoralari tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida 2017 yilda giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasi bilan bog‘liq 5429(6646) ta jinoyat fosh etilgan. Ulardan 2233(2798) tasi narkotik moddalarni o‘tkazish-sotish, 553(645) tasi kontrabanda, 1142(1482) tasi giyohvandlik o‘simliklarini yetishtirish, 95(145) tasi bangixonalar tashkil etish bilan bog‘liq bo‘lsa, boshqa turdagi narkojinoyatlar 1406(1576) tani tashkil etdi.

2017 yilda respublikada giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishida bo‘lgan jami 1 tonna 994,1 kg.(3 tonna 542,4 kg.) miqdordagi narkotik moddalar musodara qilingan bo‘lib, ulardan geroin – 12,43 kg. (107,76 kg.), opiy – 797,9 kg.(1446,82 kg.), nasha – 78,5 kg.(241,15 kg.), marixuana – 916,6 kg.(883,23 kg.), ko‘knori – 188,2 kg.(862,84 kg.) hamda 361,7 gr.(579,1 gr.) yangi turdagi psixofaol vositalardir.

Mamlakatimizga afg‘on narkotiklari asosan Tojikiston va Qirg‘izistondan hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri Afg‘onistondan Amudaryo orqali Surxondaryo viloyatiga, janubi-sharqdan Toshkent viloyatiga olib kiriladi.

Jumladan, 2017 yil 27 fevral kuni Surxondaryo viloyatida jami 1,2 kg. geroin giyohvandlik vositasini o‘tkazish-sotish bilan shug‘ullanayotgan mahalliy fuqaro qo‘lga olindi.

O‘zbekistonda 2017 yilda giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlarni amalga oshirganligi uchun ushlangan shaxslarning 45(110) nafarini chet el fuqarolari tashkil etib, ulardan 18(24) nafari Afg‘oniston, 14(27) nafari Tojikiston, 8(14) nafari Qozog‘istonva 2(19) nafari Rossiya fuqarolaridir. Ulardan 267,7 kg.(340 kg.) giyohvandlik vositalari, 516(2461) ta psixotrop tabletka, 23 l. 1700 gr.(45,8 gr.) prekursorlar musodara qilindi.

Misollarga murojaat etsak.

2017 yil 10 yanvar kuni Surxondaryo viloyatida Afg‘oniston fuqarosi, 1976 yilda tug‘ilgan Said Tohir o‘g‘li 10,6 kg.ga yaqin opiy va 0,6 kg. gashish giyohvandlik vositasini aylanma yo‘llar orqali olib o‘tayotgan vaqtda qo‘lga olindi.

O‘tgan yil 6 iyun kuni Surxonadryo viloyatida Afg‘oniston fuqarosi, 1985 yilda tug‘ilgan Kifoyat Abdulsamat o‘g‘li 57 kg. opiy giyohvandlik vositasini kontrabanda yo‘li bilan olib o‘tayotganda qo‘lga olindi hamda uning yonidan 5 dona o‘qi bilan 7,62 kalibrli pistolet daliliy ashyo sifatida olindi.

“Qora dori – 2017” tadbiri davomida 895(1090) ta holatda 3306(4933) kv.m. maydonda tarkibida narkotik moddalar bo‘lgan o‘simliklar ekilganligi aniqlandi. 950(2037) kv.m. maydondagi yovvoyi nasha o‘simliklari yo‘q qilindi.

Ichki ishlar vazirligi tomonidan 4806(5890) ta narkojinoyat aniqlanib, 1069(1632) kg. giyohvandlik vositalari musodara qilindi.

Davlat xavfsizligi xizmati tomonidan 272 (446) ta narkojinoyat aniqlanib, 700,7(1922,1) kg. giyohvandlik vositalari musodara qilindi.

DXX Chegara qo‘shinlari tomonidan 162 (142) ta holatda 142,6(182,8) kg. giyohvandlik vositalari musodara qilindi.

Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning noqonuniy olib o‘tilishi bilan bog‘liq 266 (345) ta holat aniqlandi. Natijada 3961,1(616,1) kg. narkotik, 2262(6099) dona psixotrop tabletka hamda 3,6(1,7) kg. va 43 litr(1,5 litr) prekursorlar musodara qilindi.

Bosh prokuratura tomonidan huquq-tartibot idoralari tergov olib borgan giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq 4806(4672) ta jinoyat ishi nazorat tariqasida o‘rganildi.

Respublika sud organlari tomonidan giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasiga oid 3116(3484) ta jinoyat ishi ko‘rib chiqildi va 4889(4726) nafar shaxsga nisbatan jazo tayinlandi.

Umuman olganda, O‘zbekiston giyohvand moddalarning tarqalishi va ular ustidan nazorat o‘rnatish borasida o‘ziga yuklatilgan xalqaro majburiyatlarni muntazam ravishda bajarib kelmoqda. Respublika mutasaddi idoralari va tashkilotlari vakillarining malakasini hamda professional ko‘nikmalarini oshirish yuzasidan tegishli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, xalqaro loyihalar doirasida o‘tkazilgan seminar, trening va o‘quv-amaliy mashg‘ulotlarda respublikaning 676 nafar mutaxassisi qatnashdi.

BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, SHHT, Rossiya Federatsiyasi va Markaziy Osiyo davlatlarining muvofiqlashtiruvchi idoralari bilan muntazam ravishda narkovaziyatga oid ma’lumotlar almashinuvi amalga oshirilmoqda.

* qavslar ichida 2016 yil yakuni bo‘yicha ko‘rsatkichlar keltirilgan


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?