O‘zbekistonda 1,6 tonnadan ortiq giyohvandlik vositalari yoqib yuborildi

12:18 26 Iyun 2018 Jamiyat
469 0
Foto: Hakim Yo‘ldoshev / “Xalq so‘zi”

Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan mamlakat huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan narkobiznesga qarshi kurash davomida musodara qilingan giyohvandlik vositalarining navbatdagi to‘plamini yo‘q qilish tadbiri o‘tkazildi. U 26 iyun “Xalqaro giyohvandlikka va giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishiga qarshi kurash” kuni munosabati bilan hamda narkotik moddalarni nazorat qilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Davlat komissiyasi raisi tomonidan tasdiqlangan joriy giyohvandlikka qarshi kurash oyligi doirasida tashkil etildi.

Foto: Hakim Yo‘ldoshev / “Xalq so‘zi”

Tadbir davomida 1 tonna 605 kilogramm 738 gramm giyohvandlik vositalari, shu jumladan, 15 kg. 619 gr. geroin, 1 tonna 1 kg. 688 gr. opiy, 98 kg. 733 gr. gashish, 406 kg. 234 gr. marixuana, 55 kg. 60 gr. ko‘knor, 1,4 gr.dan ortiq yangi turdagi psixofaol vositalar(“Spays” va boshqalar) hamda 27 kg. 472 gr. kannabis va psixotrop moddalar maxsus pechlarda yoqib yuborildi.

Unda mutasaddi idoralar xodimlari, xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus, jamoatchilik va OAV vakillari ishtirok etdi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston 1995 yil fevral oyida BMTning Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish to‘g‘risidagi konvensiyasi hamda narkotiklarga qarshi kurashish borasidagi boshqa xalqaro hujjatlarga qo‘shilgan. O‘z navbatida 1999 yilda O‘zbekiston Respublikasining “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. Mamlakatimizda bu boradagi xalqaro majburiyatlar, tegishli huquqiy hujjatlar ijrosini ta’minlashga katta e’tibor qaratib kelinmoqda. O‘z navbatida huquq-tartibot idoralari hamkorligi, giyohvandlikka chalingan shaxslarni davolash kabi muhim masalalarning huquqiy bazasi shakllantirilgan.

Foto: Hakim Yo‘ldoshev / “Xalq so‘zi”

Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 12 noyabrdagi “Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, undan olib chiqish va tranzit tarzida o‘tkazish tartibini, shuningdek, ularning muomalada bo‘lishi yuzasidan nazoratni takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori bilan hozirga qadar mamlakatimizda ta’qiqlangan giyohvandlik vositalari ro‘yxatiga qo‘shimcha 80 turdagi yangi giyohvandlik vositalari kiritildi.

Foto: Hakim Yo‘ldoshev / “Xalq so‘zi”

Bugungi kunda O‘zbekiston giyohvand moddalar bilan bog‘liq tahdidga qarshi kurashda mavjud barcha ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy imkoniyatlardan foydalanmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?