Oʻzbekistonda 12 ta multfilm yaratish uchun oʻtgan yili qariyb 4,5 mlrd. soʻm ajratilgan

19:08 02 Iyun 2020 Madaniyat
216 0

Bu haqda “Oʻzbekkino” maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, 2019-yilda 12 ta multfilmni yaratish uchun “Oʻzbekkino” Milliy agentligiga 4 milliard 458 million soʻm miqdoridagi byudjet mablagʻi ajratildi. Ushbu mablagʻ quyidagicha taqsimlandi: 76,24 foiz (3 milliard 400 million soʻm) mablagʻ 2019-yilda 9 ta multfilm ishlab chiqargan davlat multimedia studiyasiga berildi (ularning 4 ta multfilmi ustidagi ishlar 2020-yilda ham davom etiriladi), qolgan 23,76 foizi (1 milliard 59 million soʻm) mablagʻ 3 ta multfilm yaratgan xususiy ishlab chiqaruvchilarga ajratildi.

Shu munosabat bilan, “Oʻzbekkino” Milliy agentligining 2020-yildagi ilk va muhim qadami film ishlab chiqarish, shu jumladan, animatsion filmlarni yaratishga ajratiladigan byudjet mablagʻlarini taqsimlash tamoyillariga oʻzgartishlar kiritgani boʻldi. 
2020-yildan eʼtiboran barcha film loyihalari faqat tender asosida koʻrib chiqiladigan boʻldi. Masalan, joriy yilda “Oʻzbekkino” Milliy agentligi qoshidagi Badiiy kengash 3 ta multfilm ishlab chiqish uchun qarorni aynan eʼlon qilingan tender natijalariga asosan qabul qildi. Ulardan bittasi davlat studiyalari tomonidan, 2 tasi xususiy studiyalar tomonidan suratga olinadigan boʻldi. Byudjet mablagʻlarini xolisona tanlov asosida koʻrib chiqish va odilona taqsimlash raqobat muhitini yaratadi, pirovardida yaratilayotgan mahsulotlarning darajasi va sifatini oshirishga keng imkoniyat yaratiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?