Oʻzbekistonda 1-oktyabrdan nimalar oʻzgaradi? QQS, eski avtoni yangisiga almashtirish, ishonchnoma, tunu kun ishlaydigan kafelar, “propiska”siz kreditlar...

17:27 26 Sentyabr 2019 Iqtisodiyot
2758 0

Mamlakatimizda 2019-yil 1-oktyabrdan bir qator yangiliklar kuchga kiradi. Ularning orasida QQS stavkasining pasaytirilishi, QQS boʻyicha qator imtiyozlar, yaqin qarindoshlar oʻrtasida transport vositasidan foydalanish va boshqarish toʻgʻrisidagi ishonchnomani majburiy notarial tasdiqlashni bekor qilish va boshqalar oʻrin olgan. Quyida shular bilan tanishtirib oʻtamiz.

“Oʻzavtosanoat” trade-in dasturini ishga tushiradi

Ushbu dastur doirasida avtomobil egasi oʻz avtoulovini qoʻshimcha haq toʻlab yangisiga almashtirib olishi mumkin. Kompaniya agar dilerlik markazida tanlangan avtomobil boʻlsa, mijoz bir necha soat ichida uning egasiga aylanishi mumkin.

QQS stavkasi kamayadi

Joriy yilning 1-oktyabridan qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasi (QQS) amaldagi 20 foizdan 15 foizga pasaytiriladi.

Bu davlat rahbarining “Oʻzbekiston Respublikasining soliq siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbilari toʻgʻrisida”gi Farmonida belgilab berildi.

Shuningdek, soliq xizmati organlari tomonidan soliq toʻlovchining tijorat banklaridagi hisobvaraqlar boʻyicha operatsiyalarini toʻxtatib turish boʻyicha amaldagi tartib bekor qilindi.

Bundan tashqari, Farmonga koʻra 2020-yilgi Davlat byudjeti loyihasi tayyorlanishida:

- davlat korxonalari, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori boʻlgan yuridik shaxslar uchun yagona ijtimoiy toʻlov stavkasini 25 foizdan 12 foizga tushirish;

- divident shaklida toʻlanadigan daromadlarga soliq stavkasini saqlab qolgan holda, yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi stavkasini 15 foiz miqdorida belgilash;

- qoʻshilgan qiymat soligʻini hisoblash va toʻlashning soddalashtirilgan tartibini bekor qilish nazarda tutiladi.

2019-yil 1-oktyabrdan boshlab ilgari Moliya vazirligining byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga oʻtkazib kelingan yagona soliq toʻlovi summasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjetiga, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetiga oʻtkaziladi.

Yaqin qarindoshlar oʻrtasida transport vositasidan foydalanish va boshqarish toʻgʻrisidagi ishonchnomani majburiy notarial tasdiqlash bekor qilinadi

2019-yil 1-oktyabrdan — transport vositasi egasining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha sugʻurta polisida koʻrsatilgan transport vositasi egasining yaqin qarindoshlari (ota-ona, er (xotin), bolalar, aka-ukalar, opa-singillar) oʻrtasida transport vositasidan foydalanish va boshqarish toʻgʻrisidagi ishonchnomani majburiy notarial tasdiqlash tartibi bekor qilinadi. Bu davlat rahbarining “Oʻzbekiston Respublikasida notariat tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonida koʻrsatib oʻtilgan(http://lex.uz/ru/docs/4506606).

Shu sanadan boshlab yaqin qarindoshlarni avtomobilning sugʻurta polisida koʻrsatib oʻtishning oʻzi kifoya.

Alkogol va tamaki mahsulotlari uchun aksiz oshiriladi

“Aksiz soligʻiga tortiladigan ayrim mahsulot turlarini ishlab chiqarish va realizatsiya qilishni tartibga solishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoniga muvofiq, 2019-yil 1-oktyabrdan alkogolli mahsulotning aksiz soligʻi stavkasi oʻrta hisobda 10 foizga, tamaki mahsulotining aksiz soligʻi stavkasi 20 foizga oshiriladi.

Barcha “avtozapravka”lar va importchilar QQS toʻlovchisiga aylanadi

Davlat rahbarining “Soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq, 2019-yil 1-oktyabrdan boshlab:

a) benzin, dizel yoqilgʻisi va gazni yoqilgʻi quyish stansiyalari orqali oxirgi isteʼmolchilariga sotadigan yuridik shaxslar, ushbu tovarlarni sotishdan tushumning miqdoridan qatʼiy nazar qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilari hisoblanadi;

b) tovarlarni import qiluvchi tadbirkorlik subyektlari, tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) sotishdan tushum miqdoridan qatʼiy nazar qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilari hisoblanadilar. Bunda, tovarlarni birinchi marta import qiluvchi tadbirkorlik subyektlari import shartnomasi tuzilgan oydan keyingi oyning 1 sanasidan boshlab qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchisi sifatida hisobga turishi shart;

QQS boʻyicha qator imtiyozlar bekor qilinadi

Yuqoridagi Farmonga binoan, quyidagilar boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻidan, shu jumladan import qilinganda ham, imtiyozlar bekor qilinadi:

asbest, koʻmir, yogʻoch materiallari, yogʻoch va undan tayyorlangan buyumlar, uglevodorod xom ashyosi;

soya danagi, kungaboqar va kunjut urugʻlari, moyli xom ashyo va shakar xom ashyosi;

qishloq xoʻjaligi texnikasi, avtotransport vositalari, avtotransport vositalarini ishlab chiqarishda foydalaniladigan butlovchi buyumlar, materiallar va texnologik asbob-uskunalar.

Bu ushbu tovarlar narxi oshishiga olib kelishi mumkin. Xususan, Xalqaro press-klub tomonidan shu yil iyul oyida ushbu Farmon muhokamasiga bagʻishlab oʻtkazilgan sessiyada “Angren shakar” zavodi vakili oʻzlari ishlab chiqarayotgan mahsulot tannarxi oshishi mumkinligini tan olgandi()

Oʻz navbatida yuridik shaxslarning tijorat banklariga joylashtirgan mablagʻlaridan foiz koʻrinishida olingan toʻlov manbaini foyda soligʻidan ozod qilish boʻyicha imtiyozlar bekor qilinadi.

Qolaversa, qoʻshilgan qiymat soligʻining toʻlaqonli zanjirini yaratish va barcha xoʻjalik yurituvchi subyektlar uchun teng sharoitlarni taʼminlash maqsadida 2019-yil 1-oktyabrdan boshlab oʻzi ishlab chiqargan qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga va Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan belgilangan qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha imtiyozlar bekor qilinadi.

UzAuto Motors ham QQS toʻlashga oʻtsa-da, amaldagi narxlarni saqlab qolish uchun bor imkoniyatlarini ishga solishini maʼlum qilgandi.

Birinchi yutuqli chek oʻyini yoʻlga qoʻyiladi

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va Moliya vazirligining 2019-yil 1-oktyabrdan Toshkent shahridagi onlayn-NKM yoki virtual kassadan foydalanishga oʻtgan tadbirkorlik subyektlari tomonidan taqdim qilingan cheklardagi QR-kod yoki fiskal belgilar asosida yutuqli oʻyinlarni tashkil qilish boʻyicha tajriba oʻtkaziladi. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2019-yil 1-noyabrga qadar yutuqli oʻyinlar tashkil etish uchun Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan bir milliard soʻm miqdorida mablagʻ ajratiladi. Bu davlat rahbarining “Savdo va xizmat koʻrsatish sohasidagi hisob-kitoblar tizimiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish hamda ushbu sohada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonida koʻrsatib oʻtilgan.

3 foiz miqdoridagi yigʻim avtotransport vositalari ishlab chiqaruvchilari tomonidan toʻlanadi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga asosan 2019-yilning 1-oktyabridan eʼtiboran yurtimizda ishlab chiqarilgan yangi avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun Respublika yoʻl jamgʻarmasiga amalga oshiriladigan 3 foiz miqdoridagi yigʻim avtotransport vositalari ishlab chiqaruvchilari tomonidan toʻlanadi(http://xs.uz/uzkr/post/avtomobil-narkhlari-bir-turdagi-tolov-hisobga-olinmaganda-ozgarishsiz-qoldirildi)

Mahalla raislari maoshi oshadi

Davlat rahbarining “Aholi muammolari bilan ishlashda mahalla institutining mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonida (http://xs.uz/uzkr/post/aholi-muammolari-bilan-ishlashda-mahalla-institutining-mavqeini-tubdan-oshirish-chora-tadbirlari-togrisida) fuqarolar yigʻinlari raislari va masʼul kotiblari oylik ish haqi fondini joriy yilda bosqichma-bosqich 1,5 baravarga oshirish belgilab qoʻyildi. Unga koʻra, ushbu xodimlarning oylik ish haqi joriy yil 1-maydan 1,25 baravarga va 1-oktyabrdan 1,2 baravarga oshirilishi koʻrsatib oʻtilgan.

“Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida”gi Qonun kuchga kiradi

“Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida”gi Qonun kuchga kiradi(http://xs.uz/uzkr/post/shakhsga-doir-malumotlar-togrisida).

Goʻshtga QQS boʻyicha imtiyoz tugaydi

2019-yil 1-oktyabrgacha boʻlgan muddatda import qilingan goʻsht (mol, qoʻy, tovuq), shuningdek, tirik hayvonlar (qoramol va parranda) hamda ularning soʻyish mahsulotlari ham qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilindi. Bu hukumatning Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan realizatsiya qilish oborotlari qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod etiladigan oziq-ovqat mahsulotlari roʻyxatiga (http://lex.uz/docs/4135021#4137029) oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqidagi qarorida koʻrsatib oʻtilgan edi.

1-oktyabrdan ushbu muddat oʻz nihoyasiga yetadi.

Sement importi uchun QQS imtiyozi muddati tugaydi

Bu qurilish materiallari ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va bozorda teng raqobat sharoitlarini yaratish maqsadida amalga oshiriladi. Imtiyoz sement klinkeriga nisbatan saqlanib qolinadi. Ammo u ham yil oxirida tugaydi.

Norma.uz ham bojxona imtiyozi tatbiq etiladigan tovarlar roʻyxatidan 2019-yil 1-oktyabrdan sement chiqarib tashlanishi, biroq ushbu pozitsiyada imtiyozlar sement klinkeriga nisbatan saqlanib qolishi haqida yozgan(https://www.norma.uz/qonunchilikda_yangi/cement_buyicha_bojhona_imtiezi_1_oktyabrdan_bekor_qilinadi).

Shaxsga doir maʼlumotlarni manipulyatsiya qilish uchun jarimalar kuchga kiradi 

Davlat rahbari tomonidan shu yil 8-iyulda “Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi Qonun” imzolandi.

Kiritilgan qoʻshimchalarga muvofiq, shaxsga doir maʼlumotlarni qonunga xilof ravishda yigʻish, tizimlashtirish, saqlash, oʻzgartirish, toʻldirish, foydalanish, berish, tarqatish, uzatish, egasizlantirish va yoʻq qilish:

- fuqarolarga eng kam oylik ish haqining 3 baravaridan (608 ming 190 soʻmdan) 5 baravarigacha (1 mln 13 ming 650 soʻmgacha);

- mansabdor shaxslarga 5 baravaridan (1 mln 13 ming 650 soʻmdan) 10 baravarigacha (2 mln 27 ming 300 soʻmgacha) jarima solishga sabab boʻladi.

Mazkur huquqbuzarlik maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan soʻng sodir etilsa, eng kam oylik ish haqining 50 baravarigacha (10 mln 136 ming 500 soʻmgacha) jarima yoki 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Mazkur javobgarlik choralari 2019-yil 1-oktyabrdan kuchga kiradi.

Qonun bilan Milliy gvardiya organlari maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻruvchi hamda surishtiruv organlari qatoriga kiritilgan.

Otkyabrdagi boshqa oʻzgarishlar - kafelar tunu kun ishlaydi, “propiska”siz kreditlar

Hukumatning tungi vaqtda faoliyat yurituvchi umumiy ovqatlanish korxonalari va koʻngilochar obyektlarda jamoat xavfsizligini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi qaroriga muvofiq, 2019-yil 15-oktyabrdan boshlab umumiy ovqatlanish korxonalari va koʻngilochar obyektlar quyidagi talablar bajarilganda tunu kun faoliyat yuritishi mumkin:

-koʻrsatilgan obyektlarning ichki qismiga, shu jumladan, xizmat koʻrsatish xonalari, kirish va chiqish joylariga tasvirni kamida oʻttiz kun davomida saqlash imkoni boʻlgan videokuzatuv tizimini oʻrnatish;

- binolarning yon-atrofi, avtoturargoh va boshqa tegishli hududni yetarli darajada (kamida 10 metr masofada) yoritish;

- binoda shovqin meʼyorlariga qoʻyilgan talablarga amal qilish yoki tungi vaqtda musiqa va tovush kuchaytirgich asboblardan foydalanmaslik;

- yongʻin oʻchirish vositalari va tibbiy yordam qutichalari bilan taʼminlash;

- hamma uchun koʻrinarli joylarga evakuatsiya chizmasi hamda tezkor va qutqaruv xizmatlarining telefon raqamlari haqida maʼlumotlar oʻrnatish.

16-oktyabrdan jismoniy shaxslar istalgan bankdan kredit olishi mumkin. Bunda “propiska“ning ahamiyati yoʻq.

“Banklar isteʼmolchilari bilan oʻzaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qoʻyiladigan minimal talablar toʻgʻrisidagi nizom (http://www.lex.uz/docs/3804290)”ga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarga koʻra, 2019-yil 16-oktyabrdan isteʼmolchi-jismoniy shaxs yashash joyidan qatʼiy nazar oʻzi tanlagan bankka kredit olish uchun murojaat etishga haqli boʻladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?