“Oʻzbekiston zamonaviy tendensiyalar bilan birga, tarixning bebaho tajribasiga tayanmoqda”

10:55 06 Noyabr 2019 Jamiyat
160 0

Yaqinda Fransiya xalqaro hamjihatlik va taʼlim assotsiatsiyasi vakillari yurtimizga tashrif buyurdi. Mehmonlar Oʻzbekistonning yoshlar siyosati, taʼlim tizimi, turizm sohalari bilan yaqindan tanishtirildi.

Delegatsiya rahbari — Fransiya xalqaro hamjihatlik va taʼlim assotsiatsiyasi prezidenti Alan Payenning ushbu safardan koʻzlangan maqsad, Oʻzbekistonda olgan taassurotlari, hamkorlik istiqbollari haqidagi fikr-mulohazalarini yozib oldik.

— Oʻzbekiston — Sharq yuragi, — deydi u. — Bu yerga ilk bor kelishimiz. Tashrifimizdan maqsad taʼlim, madaniyat, adabiyot, ekologiya sohalarida hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, ikki davlat yoshlari oʻrtasidagi doʻstlik rishtalarini yanada mustahkamlashdir.

Tashkilotimiz 2009-yil tashkil topgan boʻlib, dunyoda millatlararo totuvlikni taʼminlash, hamjihatlikni kuchaytirish, taraqqiyotga asos boʻlayotgan taʼlim tizimidagi eng afzal jihatlarni oʻrganadi.

Bugungi kunda Fransiyada ham keng miqyosli islohotlar olib borilmoqda. Shu bilan birga, jamiyatimizda, jahonning koʻpgina mamlakatlarida kuzatilayotgan holat — milliy urf-odatlardan uzoqlashish ham yuz beryapti. Tashkilotimiz fransuz yoshlari bilan birgalikda qadriyatlarni qayta tiklash, rivojlantirishga harakat qilyapti.

Oʻzbekiston milliy taraqqiyotining yangi davrida zamonaviy tendensiyalar bilan birga, asrlar osha yashab kelayotgan anʼanalar, tarixning bebaho tajribasiga tayanayotganini butun dunyo eʼtirof etmoqda. Shuningdek, yurtingizda yoshlarga ertangi kunning hal qiluvchi kuchi sifatida katta imkoniyatlar yaratilayotir.

Tashrifimiz davomida Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi faoliyati bilan tanishish asnosida bunga yana bir bor amin boʻldik. Ushbu tashkilot tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega, mamlakatingiz taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshadigan sergʻayrat yoshlarni kamolga yetkazishga katta turtki boʻlishiga ishonchimiz yanada ortdi.

Safarimiz davomida Samarqand va Buxoroda ham boʻldik. Qadimiy hamda navqiron ushbu shaharlar hayratlanarli va maftunkor. Oʻzbekistonning turizm imkoniyatlariga havas qilsa arziydi.

Bugungi kunda bir necha loyihalar ustida ishlamoqdamiz.Ulardan biri ekoturizm boʻyicha, “Atrof-muhitni himoya qilish va plastik ifloslanishni kamaytirish uchun nima qilish kerak?” mavzusiga bagʻishlangan. Fransuz va oʻzbek yoshlari mazkur loyiha yuzasidan aniq dasturni ishlab chiqmoqdalar. Bundan tashqari, hamkorlikda sanoat sohasi, tadbirkorlik, hunarmandchilik, qolaversa, milliy qadriyatlarni asrab-avaylashga bagʻishlangan xalqaro konferensiyalar, ilmiy-amaliy anjumanlar, seminar-treninglar tashkil etish, fikr-mulohaza almashish niyatimiz ham bor. Bunda bir guruh oʻzbek va fransuz yoshlari ikki davlatga tashrif buyurib, xalqaro tajribalarni bevosita oʻzining ishtirokida oʻrganadi.

Kelgusi yil kuzda yurtingizga yana bir bor kelishni rejalashtirganmiz. Oʻshanda yana yangi loyihalar haqida batafsil maʼlumot beramiz. Asosiysi, oʻzbek va fransuz yoshlari oʻrtasidagi hamkorlik va doʻstlik aloqalari hamisha mustahkam boʻlishiga ishonamiz.

 

Yulduz OʻRMONOVA,
(“Xalq soʻzi”)


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?