Oʻzbekiston yozgi Universiadadagi dastlabki medalni qoʻlga kiritdi

16:35 05 Iyul 2019 Sport
443 0

Italiyaning Neapol shahri mezbonlik qilayotgan yozgi Universiadaning dzyudo boʻyicha birinchi kun bahslari yakunlandi. Ushbu bellashuvlarda erkaklar va ayollar terma jamoasi jami 4 ta vaznda tatamiga koʻtarildi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.

Erkaklar oʻrtasidagi bellashuvlarning +90 kg vazn toifasida Muhammadkarim Xurramov “A” guruhida amerikalik Kerr Mason Piper, vengriyalik Peter Arvai va Bogdan Voitsikni magʻlub etib, yarim finalda yaponiyalik Kanta Nakano imkoniyatni boy berib qoʻydi. Bronza medali uchun kechadigan bahsda esa polshalik Oleksiy Lisenko ustidan ishonchli gʻalaba qilgan Mahammadkarim delegatsiyamizga ushbu universiadadagi ilk medalni taqdim etdi.

Shuningdek, -90 kg vazn toifasida Davlat Bobonov avvaliga saudiyalik Abdulrahmon Alrammanni, keyin yaponiyalik Goki Tajimani magʻlub etib, chorak finalga yoʻl oldi. Ammo ushbu bosqichda u braziliyalik Gustavo Assis toʻsigʻidan oʻtolmadi.

Musobaqaning ayollar oʻrtasidagi bahslarning -70 kg vazn toifasida ishtirok etayotgan Gulnoza Matniyazova ilk bosqichda koreyalik Ye Von Lidan ustun keldi. Ammo ikkinchi ikkinchi davrada u rossiyalik Madina Taymazovaga imkoniyatni boy berdi. Bronza medali uchun oʻtkazilgan qoʻshimcha saralash bosqichida esa u dastlab Girdzuite Jioyya Fetterlini magʻlub etishga muvaffaq boʻldi. Biroq hal qiluvchi bahsda germaniyalik Sara Mekelburgga imkoniyatni boy berib qoʻydi.

+70 kg vazn toifasida Nodira Yoʻldosheva italiyalik Debora Salani yengishga muvaffaq boʻldi ammo chorak finalda janubiy koreyalik Mi Jin Xan toʻsigʻidan oʻta olmadi. Bronza medali uchun oʻtkazilgan qoʻshimcha saralash bosqichida esa uning yoʻliga fransiyalik Valentin Marshan toʻgʻonoq boʻldi.

Universiada dasturida dzyudo boʻyicha musobaqalar 4-7-iyul kunlari oʻtkazilishi belgilangan boʻlib, kelgusi kunlarda yana 6 nafar dzyudochi talabalarimiz medallar uchun bahs olib borishadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?