Oʻzbekiston yoshlarining Fransiyada taʼlim olish imkoniyatlari kengayishi mumkin

12:00 01 Iyul 2019 Jamiyat
333 0

Illyustrativ foto

Yaqinda Fransiya Tashqi ishlar vazirligida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Bu haqda markaz axborot markazi xabar berdi.

Muloqot davomida mezbon davlat vazirligining kontinental Yevropa boʻlimi direktori N.de Lakost mamlakatning tashqi siyosat bilan shugʻullanuvchi idoralari 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi hamda mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy hayotida yuz berayotgan muvaffaqiyatli islohotlardan xabardor ekanligini maʼlum qildi.

N.de Lakost, shuningdek, fransuz tomoni Harakatlar strategiyasida belgilangan maqsad-vazifalarni amalga oshirishga koʻmaklashishga tayyor ekanini, ayniqsa, kadrlar tayyorlash sohasida Oʻzbekiston-Fransiya hamkorligini yanada kengaytirish maqsadga muvofiq boʻlishini taʼkidladi. Shu bilan birga, u bugungi kunda Fransiyada faoliyat koʻrsatayotgan bir qator xalqaro miqyosdagi universitetlarda dunyoning turli davlatlaridan kelib tahsil olayotgan talabalar koʻpligi, ular safida oʻzbekistonlik yoshlarni ham koʻrishdan mamnun boʻlishini maʼlum qildi. Oʻzbekiston yoshlari, yosh olimlari va yosh tadqiqotchilarini bilim va malakalarini oshirish maqsadida Fransiyaning nufuzli oliy oʻquv yurtlari, ilmiy muassasalariga yuborish taklifini berdi.

N.de Lakost, soʻzida davom etib, oʻzaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlashda Yevropa Ittifoqi dasturlarining muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidlab, bunda yana bir loyiha – Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyoda qonun ustuvorligi platformasi va uning natijalari alohida eʼtiborga loyiq ekaniga urgʻu berdi. U Yevropa Ittifoqining mintaqada koʻzlagan asosiy siyosiy manfaatlari xavfsizlik, barqarorlik va faol iqtisodiy aloqalar ekanini eʼtirof etdi.

Oʻz navbatida, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori E.Tulyakov Oʻzbekiston tashqi siyosatida keyingi vaqtlarda yuz berayotgan ochiqlik, shaffoflik natijasida erishilayotgan natijalarga toʻxtalib, xorij davlatlari va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalari jadal surʼatlarda oʻsib borayotganini aytib oʻtdi.

N.de Lakost 2021-yildan keyin Oʻzbekistonning yangi rivojlanish Strategiyasini ishlab chiqish, bu borada hujjatga kiritiladigan ustuvor yoʻnalishlar bilan ham qiziqdi. Oʻzbekiston vakillari bu borada ham batafsil maʼlumotlar berishdi.

Uchrashuv soʻnggida ikki davlat oʻrtasidagi aloqalarni yanada kengaytirish boʻyicha barcha taklif va gʻoyalarni oʻrganib chiqqan holda, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bilan hamkorlikda ish olib borishning istiqbollari ham muhokama qilindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?