“Oʻzbekiston yoshlari – 2025” konsepsiyasi tayyorlanadi

18:55 29 Iyun 2020 Siyosat
168 0

Bugun, 29-iyun kuni “Yuksalish” Umummilliy harakati, Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi hamda U-Report loyihasining Oʻzbekistondagi hamkorlari tomonidan “Yoshlarni joriy islohotlar va qaror qabul qilish jarayonlariga jalb etish” mavzusida onlayn davra suhbati oʻtkazildi.

Unda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, BMTning tegishli ixtisoslashgan institutlari hamda tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilari, shuningdek, mamlakatning barcha hududlaridan yoshlar ishtirok etdi.

Onlayn davra suhbatida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva nutq soʻzlab, yoshlarni 30-iyun – Yoshlar kuni bilan muborakbod etdi. Mamlakatimizda yoshlarga nafaqat ertangi kunning bunyodkori, balki bugunning hal qiluvchi kuchi sifatida yuksak eʼtibor qaratilayotgani borasida soʻz yuritdi.

– Senat faoliyatida dolzarb masalalar muhokamalariga yoshlarni jalb etish amaliyotini joriy qildik, – dedi Senat Raisi T.Narbayeva. – Jumladan, Senat qoʻmitalari yigʻilishlari hamda yalpi majlislarida yoshlar ishtiroki taʼminlanib, ularning taklif va tavsiyalari eshitilmoqda hamda qoʻmitalar huzurida tuzilgan ekspertlar Kengashlariga yosh mutaxassislar ham jalb etilgan.
 

Guvohi boʻlib turganimizdek, yurtimizda yoshlarni oliy maʼlumotli kadr etib yetishtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada yoshlarning oliy taʼlimga qamrovini 60 foizga yetkazish yuzasidan keng koʻlamli ishlar olib borilyapti. 3-4 yil avval bu koʻrsatkich Oʻzbekistonda bor-yoʻgʻi 9 foizni tashkil etardi.

Yana bir jihat, joriy yilda barcha yoshlar bilan ishlash samaradorligini baholash boʻyicha yagona koʻrsatkichlar ishlab chiqilib, yoshlar siyosatini baholash milliy indeksi joriy etilmoqda. Bundan tashqari, “Oʻzbekiston yoshlari – 2025” konsepsiyasi tayyorlanib, unda maʼnaviy va jismoniy barkamol avlodni voyaga yetkazishning amaliy chora-tadbirlari belgilanadi.

Joriy yilgi Davlat dasturiga muvofiq mamlakatimizda birinchi marta Oliy Majlis Senati huzurida Yoshlar parlamenti tashkil etildi. Mazkur tuzilma yoshlarning huquqiy ongi va savodxonligini yuksaltirish, qonunchilik jarayonidan yoshlarni xabardor qilib borish, yoshlarga oid masalalar va muammolar yuzasidan tegishli takliflarni davlat organlariga, qonunchilik tashabbusi subyektlariga koʻrib chiqish uchun kiritish borasida faoliyat olib boradi. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbusni amalga oshirishda yoshlarning faol ishtirokini taʼminlaydi, innovatsion gʻoyalarini roʻyobga chiqaradi, ularda notiqlik mahorati kabi koʻnikmalarni shakllantiradi.

Shu fursatdan foydalanib, Senatda bugun oʻz faoliyatini ilk bor boshlagan Yoshlar parlamentiga ulkan muvaffaqiyatlar tilayman. Biz yoshlarning fikr-mulohazalarini tinglashga, tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashga, ular bilan hamnafas ishlashga hamisha tayyormiz!

Bundan tashqari, onlayn tadbirda davlat va yoshlarning hamkorlikdagi faoliyatlariga oid bir qator masalalar muhokama qilindi. Xususan, U-Report platformasi orqali Oʻzbekistondagi davlat organlari va yoshlar oʻrtasidagi muloqotlar natijalari, yoshlarning fikr va mulohazalari asosida davlat organlari tomonidan amalga oshirilgan amaliy tadbirlar natijalariga urgʻu berildi.

Shuningdek, joriy islohotlarni amalga oshirishga oid qarorlarni qabul qilishda yoshlarning ovozi muhim ekanligini taʼkidlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?