Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatiga toʻsqinlik qilayotgan muammolar koʻrib chiqildi

16:17 13 Sentyabr 2019 Jamiyat
60 0

2019-yil 13-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi majlisi boʻlib oʻtdi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining matbuot xizmati xabar berdi.

Unda yoshlarga oid davlat siyosatini yanada samarali roʻyobga chiqarish hamda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi bilan vakillik va ijro hokimiyati organlarining oʻzaro hamkorligini kuchaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Majlisda Qoʻmita aʼzolari, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, bir qator vazirlik va idoralar vakillari hamda OAV xodimlari ishtirok etdilar.

Taʼkidlanganidek, yoshlar alohida ijtimoiy guruh sifatida jamiyat va davlat rivojida muhim oʻrin tutadi. Hozirgi yigit-qizlar – mamlakatimiz kelajagini bugundanoq belgilayotgan, yurtimiz taraqqiyoti yoʻlida yangi gʻoyalar, kuch va imkoniyatlarni ishga solishga qodir ulkan kuchdir. Shu bois ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, intilish va qobiliyatlarini roʻyobga chiqarish uchun barcha shart-sharoitlarni taʼminlash – davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylangan. Jumladan, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining tashkil etilishi mamlakatda bu borada olib borilayotgan ishlarning yangi bosqichga olib chiqilishiga, ularning kelajagi uchun yangi sahifa ochilishiga katta qadam boʻldi.

Oʻtgan qisqa vaqt ichida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi va amaliy koʻmagi asosida Yoshlar ittifoqi faoliyatiga doir jami 40 ta qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilindi. Oʻzbekiston Respublikasining 3 ta qonuni, Davlatimiz rahbarining 5 ta farmoni, 8 ta qarori, 2 ta farmoyishi hamda Vazirlar Mahkamasining bir qator hujjatlari shular jumlasidan. Qolaversa, yoshlar masalalari bilan bogʻliq 70 ga yaqin meʼyoriy-huquqiy hujjatga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritildi.

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatiga yaqindan koʻmaklashish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri, hududlarda esa hokimlar raisligida Yoshlar masalalari boʻyicha idoralararo kengashlar faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Yoshlarga munosib shart-sharoitlar yaratib berilayotganligiga qaramasdan, ayrim mutasaddi tashkilot rahbarlarining sustkashligi sababli yigit-qizlar bilan bogʻliq aksariyat muammolarni hamon toʻliq bartaraf etib boʻlmayapti. Joylarda mutasaddi rahbarlar tomonidan bu masalani mensimasdan, yoshlar hayoti, oʻy-kechinmalari, orzu-umidlariga eʼtiborsiz qarash holatlari hamon uchramoqda.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-iyundagi Farmoniga asosan “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi qabul qilindi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasidan kelib chiqib, joriy yilda Davlat dasturi qamrovini yanada kengaytirish boʻyicha Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan birgalikda tizimli ishlar amalga oshirilib, 2,1 trln. soʻmga yaqin 8913 ta biznes loyihaning manzilli roʻyxati sohalarga ajratilgan holda tuman (shahar)lar kesimida ishlab chiqildi. Biroq joylarda mutasaddilarning eʼtiborsizligi va masʼuliyatsizligi, qolaversa tegishli vazirlik va idoralar, moliya muassasalarining mahalliy hokimiyatlar bilan hamkorligi lozim darajada yoʻlga qoʻyilmaganligi bois mamlakatimiz kelajagi uchun muhim boʻlgan ushbu dastur koʻpgina viloyatlarda qoniqarsiz bajarilmoqda.

Shuningdek, yoshlar oʻrtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, bandligi taʼminlash, nofaol yoshlar bilan ishlash borasida samarador chora-tadbirlar amalga oshirilmagan.

Taʼkidlanganidek, yoshlar orasida huquqbuzarliklarning oldini olishda asosiy omil – ularning samarali bandligini taʼminlash borasida ham qator kamchiliklar mavjud. Yoshlarni munosib ish bilan taʼminlash, jumladan, ular uchun barqaror hamda istiqbolli ish oʻrinlarini yaratish, yoshlarning mehnatga oid huquqlariga ish beruvchilar tomonidan rioya etilishi ustidan qatʼiy nazoratni yoʻlga qoʻyish taqozo etiladi. Zotan, har yili mamlakat mehnat bozoriga taʼlim muassasalarini tamomlagan qariyb 450 ming nafar yosh oʻgʻil-qiz kirib kelmoqda.

Soʻzga chiqqanlar tomonidan qayd etilganidek, yuqorida koʻrsatilgan raqamlar ortida kelajakka umid bilan boqib turgan, oʻz orzu va intilishlarini roʻyobga chiqarish imkonini izlayotgan yoshlarimizning ertangi kuni mujassam. Ularning bandligini taʼminlash maqsadida alohida dasturlar qabul qilinishi lozim.

Majlisda tilga olingan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan bir qator tavsiyalar bildirildi. Xususan, yoshlarni islohotlarga faol jalb qilishning oʻziga xos uslubi sifatida “Hokim va yoshlar” uchrashuvlarini mutlaqo yangicha, zamonaviy ruhda tashkil qilish mexanizmini ishlab chiqish zarurligi qayd etildi. Shuningdek, yoshlarni “Milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari” gʻoyasi ostida birlashtirish, ular qalbida islohotlarga daxldorlik hissini oshirish, chuqur ilm olishga va kitob mutolaasiga tizimli jalb etish choralarini koʻrish zarurligi taʼkidlandi.

Majlisda muhokama etilgan masala boʻyicha Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasining tegishli qarori qabul qilindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?