Oʻzbekiston yongʻoq eksportida qachon yetakchilar safidan joy oladi?

17:25 02 Fevral 2019 Iqtisodiyot
567 0

Siz ham eshitgandirsiz?! Oʻtgan yili Ukrainada yongʻoq eksporti 83 foiz oʻsibdi. Ushbu davlat Yevropa va Osiyo mamlakatlariga 67,1 million AQSH dollarilik mahsulot yetkazib berib, sohada yetakchilar safidan joy oldi.

Jahon bozorida shirin-shakar mevalari bilan nom qozongan Oʻzbekistonda bu boradagi ahvol qanday? Oʻtgan yili qancha yongʻoq ­eksport qilindi? Bu koʻpchilikni qiziqtirishi tabiiy, albatta.

Davlat statistika qoʻmitasidan olingan maʼlumotlarga qaraganda, 2018 yilda chetga 12 534 000 dollarlik mahsulot sotilgan. Bu ozmi yoki koʻp?

Avvalgi yildagi koʻrsatkich bilan taqqoslaydigan boʻlsak, salkam ikki barobar kamaygan. Negaki, 2017 yilda xorijiy davlatlarga qariyb 24 million dollarlik mahsulot yetkazib berilgan.

Qulay tabiiy-iqlim sharoitiga ega mamlakatimizda bogʻdorchilikning mazkur tarmogʻi rivoji nega hamon sust? Oʻzbekiston yongʻoq eksportida qachon yetakchilar ­safidan joy oladi?

Yashirib nima qildik, yongʻoqchilik yaqin-yaqingacha eʼtibordan chetda qolib kelayotgan, aniqrogʻi, oʻz holiga tashlab qoʻyilgan edi. Oqibatda yangi bogʻlar tashkil etish tugul, borining ham bahridan kechila boshlandi. Oʻzingiz oʻylang, har tupi 20 metrgacha soya tashlab, durust hosil bermaydigan daraxtdan nima foyda?!

Keyingi paytda qishloq xoʻjaligi isloh qilinib, bogʻdorchilikni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratilayotgani tufayli nihoyat ushbu tarmoqni jonlantirish masalasi ham kun tartibiga qoʻyildi.

Gap shundaki, Prezidentimizning 2017 yil 1 iyunda “Yongʻoq ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasini ­tuzish va uning faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindiki, bu mazkur jabha rivojiga katta turtki boʻldi. Ushbu hujjatda Andijon, Qashqadaryo, Jizzax, ­Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent va Fargʻona viloyatlarida umumiy maydoni 10 ming gektarga teng yongʻoqzorlar barpo etish, buning uchun xalqaro moliya institutlarining 50 million AQSH dollari miqdorida imtiyozli kreditlarini jalb qilish vazifasi belgilab berildi. Bu esa bogʻ­bonu sohibkorlar koʻnglining tub-tubidagi ­orzulari roʻyobida ayni muddao boʻlayotir.

Kaliforniya koʻchati oʻzbek zaminiga mos tushdi

Yongʻoq va quruq mevalar ishlab chiqaruvchilar xalqaro kengashi (International Nut and Dried Fruit Council)ning tahlillari shuni koʻrsatmoqdaki, rivojlanayotgan koʻplab davlatlarda anʼanaviy bogʻdorchilik oʻz oʻrnini ixtisoslashtirilgan tarmoqlarga boʻshatib bermoqda. Xususan, intensiv yongʻoqchilik taraqqiy ettirilyapti. 2017-2018 yillar mavsumida jahonda 4,2 million tonnadan ortiq yongʻoqlar yetishtirilgani, bu oʻtgan mavsumdagidan 11 foiz, oxirgi oʻn yillikdagi oʻrtacha koʻrsatkichdan esa 30 foiz koʻp ekanligi ana shu tarkibiy oʻzgarishlar mahsuli ­sifatida baholanayotir.

AQSH mazkur jabhada hamon yetakchilikni qoʻldan bermayapti. Uning yalpi mahsulotdagi ulushi 41 foizga teng. Binobarin, yongʻoqchilik Amerika fermerlari faoliyatining eng muhim yoʻnalishlaridan biri boʻlib, u davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanadi. Hosilning asosiy qismi — 96 foi­zi Kaliforniyada yetishtiriladi. Uning, ­ayniqsa, oq magʻiz yongʻoqlari dunyoda eng xaridorgir mahsulotlar sirasiga kiradi.

Jahon bozoridan mustahkam oʻrin egallashga ahd qilgan yurtimiz bogʻbonlari aynan kaliforniyalik mutaxassislar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyishgani tahsinga loyiq.

Yongʻoq ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasi raisi Kamol ­Abdulloyevning aytishicha, zamonaviy plantatsiyalarni yaratish uchun xorijiy hamkor sifatida bejiz AQSH mutaxassislari tanlangani yoʻq. Sababi yurtimizda olib borilayotgan islohotlardan koʻzlangan asosiy maqsad, resurs tejovchi ­texnologiyalarni keng joriy etish, yongʻoq yetishtirishning ilmiy asoslangan ­usullarini qoʻllash orqali moʻl hosil yetishtirishdir. Bunda dastlab Jomboy ­tumanidagi 500 gektar maydonda yaratilgan bogʻ muhim tajriba vazifasini oʻtadi.

Ushbu bogʻda AQSH va Turkiyadan olib kelinib oʻtqazilgan koʻchatlar tezda tutib ketib, hattoki, birinchi yilning oʻzida nishona meva berdi. Bu esa uyushma aʼzolariga mazkur usulni ommalashtirishda katta kuch va ruh bagʻishladi.

Lalmikor yerda shovullagan bogʻ

Yakkabogʻ tumanining Ishkent qishlogʻiga yoʻlingiz tushsa, tanasi kishining quchogʻiga sigʻmaydigan yongʻoqlarni koʻrib, qoyil qolishingiz turgan gap. Ular hudud ahlining faxri sanaladi. Odamlarning aytishicha, daraxtlarning aksariyati bir necha asrlarni qaritgan. Bunday tabiiy yongʻoqzorlarning koʻpligidan anglash mumkinki, Yakkabogʻ bogʻdorchilik, ayniqsa, yongʻoqchilik uchun qulay tabiiy iqlim sharoitiga ega. Shu maʼnoda, Prezidentimiz tashabbusi bilan 1 ming 140 gektar maydonda yongʻoqzor va bodomzorlar tashkil etilayotganini bamisoli berkilib qolgan buloq koʻzlari ochilganiga mengzash mumkin.

Eʼtiborli jihati, yurtimizda yongʻoqzorlarni bunyod etishda sugʻoriladigan yerlar emas, aksincha, shu paytgacha foydalanilmay kelingan lalmikor maydonlar ­tanlab olinyapti. Mutaxassislarning aytishicha, yongʻoq obitobida parvarishlansa, nainki togʻli hududlarda, balki lalmi ­maydonlar, qir-adirlarda ham tezda tutib ketadi. Shu bois “Sag agro Yakkabogʻ” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbariyati bogʻ uchun lalmi yerlar ajratilganidan ajablanishmadi ham. Oʻtgan yilning oʻzida 400 gektar maydonda yongʻoqning “Chendler” va “Cisco”, 300 gektarga bodomning “Avijor” va “Guara” navlari koʻchatlarini oʻtqazib, zamonaviy bogʻ yaratishdi.

Bugun Hisor togʻ tizmalarining etagidagi bu bogʻni koʻrib, koʻzingiz quvnaydi. Saf tortgan nihollar bir yildayoq boʻy choʻzib shoxlab qolgan.

— Ilgari bu joylar qurib-qaqshab yotardi, — deydi “Navroʻz” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Zokir Botirov. — Lalmi yer emasmi, yogʻingarchilik koʻp boʻlgan yillarda gʻalla ekilar, qolgan paytda esa yovvoyi oʻt-oʻlanlar ham saratonga qolmay qavdon boʻlib qolardi. Prezidentimiz tashabbusi bilan shu yerlar obod boʻldi. ­Shovullagan bogʻ boʻy koʻrsatyapti. Unda ­begonalar emas, hududimizdagi Langar, Beshqoʻton, Ajrim kabi qishloqlar yoshlari ishlayapti. Shuning orqasidan roʻzgʻorini tebratmoqda.

Darhaqiqat, jamiyat rahbari Faridun Roziqovning taʼkidlashicha, 30 nafar ­doimiy, 500 dan ortiq mavsumiy ishchilarning barchasi shu hududdan jalb etilgan. Ular qishning nisbatan iliq kelgan ob-havosidan unumli foydalanib, 440 gektar ­maydonni nihol qadashga hozirlashmoqda. Bunda zamonaviy 6 ta texnika ­kuchidan ham unumli foydalanishyapti.

— Koʻchatlar 6x7 sxemada ekiladi, — deydi bogʻbon Abdukarim Saidov. — Bu qator oralariga ishlov berish, hosilni yigʻishtirib olish uchun juda qulay. Chunki yongʻoq qoʻlda emas, texnika yordamida ­terib olinadi. Nihollarga ham shunga moslab shakl beriladi. Masalan, kaliforniyalik professorning koʻrsatmasi bilan oʻtgan yili oʻtqazilgan koʻchatlarning 2 metrgacha boʻlgan qismida shox qoldirmadik. ­Uch-toʻrtta nishona mevalarini ham yulib tashlab, uning kuchini oʻsishga yoʻnaltirdik. Endi bu yil ularda toʻrtta yon shoxini ­qoldirib, shakl beramiz. Ana shunda ­yongʻoqzorimizning tarovati koʻzga yaqqol tashlanadi.

Oʻzaro suhbatlardan maʼlum boʻlishicha, keyingi paytda yongʻoqchilikka eʼtibor pasayib ketishiga daraxtning kech hosilga kirishi, tagʻinkoʻp hollarda mevasi “koʻr”, poʻchogʻi qalinligi sabab boʻlgan. Axir bir niholni sakkiz yil davomida parvarishlab, endi hosilini ola boshlasangiz-u, unga bozorda talab boʻlmasa... Har qanday kishi boshqa ekin ekishni maʼqul koʻradi-da.

Shuning uchun koʻchatchilikda intensiv ­texnologiyalar qoʻllanilib, tez va xaridorgir meva beradigan navlar ekilmoqda. “Chendler” va “Cisco” shular sirasiga kiradi.

50 yil 50 kilogrammdan meva beradi

Raqobatga dosh berish uchun, eng avvalo, tashqi bozor talabiga mos mahsulot taklif eta olishimiz shart. Bu borada esa asl Vatani Kaliforniya boʻlgan “Chandler”ga teng keladigani yoʻq. AQSHning ushbu shtatida yetishtirilgan hosilning 40 foizi ichki bozorda sotilsa, qolgan qismiKoreya Respublikasi, Yaponiya, Turkiya, Hindiston, Xitoy va Yevropa ittifoqi mamlakatlariga eksport qilinadi. Qandolatchilik fabrikalari, tez tayyor boʻladigan ovqatlar ­yetkazib berish tarmoqlari asosiy ­xaridorlar sanaladi. Chunki uning mazgʻi oq va juda mazali.

— Yana bir afzalligi mevalarining yirikligidir, — deya suhbatga qoʻshilgan jamiyat ish yurituvchisi Alisher Ibragimov hajmi tovuq tuxumidek keladigan yongʻoqlarni koʻrsatadi. — Bu AQSHdan olib kelingan “Chandler” yongʻogʻi. Shuning uchun bogʻimizdan umidimiz katta. Ehtimol, mevalari bunday katta boʻlmas, balki undan ham yirik boʻlar. Lekin oʻta mazali boʻlishiga ishonchim komil. Chunki biz har 10 gektar maydonning turli joylaridan olingan tuproq tahlillari asosida unga mos navni tanladik. Parvarishini esa risoladagidek ­bajaryapmiz.

Buni boqqa kelgan kishi bir zumda ­ilgʻab oladi. Kishi eʼtiborini suv manbaidan ancha olis adirlikda tomchilatib sugʻorish texnologiyasi qoʻllanilayotgani tortmay qolmaydi.

— Asosiy va yordamchi quvurlarni yotqizish, ularni montaj qilish va tomchilatish shlanglarini ulash — bularning barchasini oʻzimiz qildik, — deydi Oʻrol Bozorov. — Bu borada bizga yoʻl-yoʻriq koʻrsatish uchun ­Turkiyadan jalb etilgan loyihalashtiruvchi mutaxassis ham tan berdi.

Kanaldan olingan suv eni 60 metr, uzunligi 200 metr, chuqurligi 5 metrli maxsus hovuzda tindirilib, 6 ta nasos yordamida bogʻimizga yetkazib beriladi. Daraxtlarga kuniga oʻrtacha 4 soat suv quyiladi, xolos. Asosiy ozuqalar ham eritib beriladi. Natijada har bir nihol bexato tutib ketadi.

Bogʻning har 200 gektariga bir agronom, 4 nafar bogʻbon biriktirilgan boʻlib, ular koʻchatlarni nomma-nom “tanishadi”, holatini bir qarashda bilishadi. Biz qishning nisbatan iliq kelishi daraxtlar erta ­uygʻonishiga taʼsiribor-yoʻqligi haqida qiziqamiz.

Ularning eʼtirof etishicha, xorij ­navlarining eng qulay jihati kech, yaʼni aprel-may oylarida uygʻonishidir. Bu Oʻzbekiston sharoitida hosilni sovuq ­urmaydi, degani. Qolaversa, -3 daraja sovuqda ham uning meva tugunchalariga ziyon yetmaydi. 4 yilda toʻliq hosilga ­kirib, har bir daraxt 50 kilogrammdan 50 yil meva beradi.

Chorvachilikdan oʻn chandon foydali

Prezidentimiz 2018 yilning 13-14 dekabr kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida “Sag agro Yakkabogʻ” masʼuliyati cheklangan jamiyatining mazkur bogʻida ham boʻlib, u bilan yaqindan tanishdi, yongʻoq koʻchati oʻtqazdi.

Shu yerda qishloq xoʻjaligi xodimlari, fermerlar, aholi bilan suhbatda Yakkabogʻda ham hosildor yerlar, deh­qonchilikni yaxshi biladigan odamlar koʻpligi, bundan toʻgʻri foydalanib, bogʻdorchilikni rivojlantirish, aholi tomorqalari uchun mevali daraxtlar yetkazib berish zarurligini taʼkidladi.

Binobarin, bogʻdorchilik — koni foyda. Bamisoli aholi bandligini taʼminlash, daromadini oshirishda ishga solinmagan imkoniyatdir. Aytaylik, birgina “Sag agro Yakkabogʻ”ning bogʻlarida 500 kishi doimiy ish bilan taʼminlanishi, yiliga 7 ming tonnaga yaqin mahsulot olinishi koʻzda tutilgan. Yetishtirilgan hosilning 60 foizini esa eksportga ­chiqarish rejalashtirilmoqda. Shuning ­ortidan qancha daromad kelishini esa ­tasavvur etish qiyin emas. Bu masalaning bir ­jihati, xolos.

Ikkinchi tomoni shundaki, mevaning ­serobligi ichki bozorni sifatli mahsulotlar bilan toʻldirish, qayta ishlashni yoʻlga qoʻyish, yangi fabrikalar paydo ­boʻlishiga turtki boʻladi. Chunki qaysi ­xaridorgir shirinlik yoki shokoladni ­olmang, ularning asosiy xom ashyosi yongʻoq ekanligiga amin boʻlasiz. Dunyo oshxonalarini esa ushbu xushtaʼm mevadan olingan pasta yoki yongʻoq qoʻshilgan taomsiz tasavvur qilib ­boʻlmaydi.

Loyiha tashabbuskorlarining fikricha, asosan, chorvachilik bilan shugʻullanib kelgan qishloq aholisi tomorqasida yongʻoq yetishtirish uchun koʻp xarajat qilishga hojat yoʻq. Yongʻoqning “Chendler” yoki “Cisco” nav­lari koʻchatini ekib, parvarishlasa, kifoya. Uning har tupidan 50 kilogramm hosil olingan taqdirda, buncha mevaning, boring­ki, teng yarmi poʻchoqqa chiqib ketsa ham, 25 kilogramm magʻzi olinadi. Uning kilosi jahon bozorida 3 — 6 dollar baholanadi. Oʻrtacha 5 dollardan pullansa, bu 125 dollar deganidir. Agar tomorqangizda oʻn tup yongʻoq boʻlsa, shu hisobda, bir mavsumda shuning oʻzidan 1 250 dollar, taxminan 10 million soʻm atrofida qoʻshimcha mablagʻ ishlab olishingiz mumkin ekan. Bu chorvachilikdan oʻn chandon foydali emasmi?!

Davlatimiz rahbarining 2017 yil ­Qashqadaryo viloyatiga tashriflari davomida bergan topshiriqlariga asosan, ­Kitob ­davlat oʻrmon xoʻjaligida 1 000 gektardan ortiq, Yakkabogʻ tumanidagi Hisor hududida ham shuncha maydonda yongʻoqzorlar tashkil qilindi. Bu boradagi ishlar joriy yilda izchil davom ettirilayotgani, respublikamizning boshqa hududlarida ham zamonaviy yongʻoqzorlar bunyod qilinayotganini inobatga oladigan boʻlsak, Oʻzbekis­ton yaqin 3-4 yil ichida yongʻoq yetishtirish va eksport qilishda yetakchi davlatlar safiga qoʻyilishini fahmlash qiyin emas. Bunga qarovsiz boʻlib yotgan, suvsiz yer maydonlari hisobidan erishilayotgani esa qishloq xoʻjaligidagi islohotlarning naqadar puxta va oqilona olib borilayotganidan dalolatdir.

Said RAHMONOV,
Ahad MUHAMMADIYEV,

“Xalq soʻzi” muxbirlari.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?