Oʻzbekiston Yaponiyaga mayiz eksport qiluvchi davlatlar orasida 8-oʻrinni egalladi

22:02 10 Avgust 2020 Iqtisodiyot
451 0

Oʻzbekiston Yaponiyaga mayiz eksport qiluvchi davlatlar orasida 8-oʻrinni egalladi. Bugungi kunda quritilgan mevalarni Kunchiqar yurtga yetkazib berish tez surʼatlar bilan oʻsib bormoqda. Ular Yaponiyaning eng yirik internet-doʻkonlarida — Rakuten, Amazon, Yahoo sotilmoqda, shuningdek “Silk Road Fruits” savdo nomi ostida qandolat fabrikalariga yetkazib berilmoqda.

Oʻzbekistondan quritilgan mevalarni import qiluvchi Yaponiyaning “Global Silk Road Inc.” kompaniyasi mamlakatimizdagi ishlab chiqaruvchilar bilan 500 ming AQSH dollariga shartnoma tuzdi.

“Dunyo” AA muxbiri “Global Silk Road Inc.” prezidenti Yosuke Shamoto bilan suhbatlashdi, savdo hamkorligini rivojlantirish va kompaniyaning istiqboldagi rejalari bilan qiziqdi.

— 2009 — 2012-yillarda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) orqali taʼlim sohasida ishlaganman, – dedi yaponiyalik biznesmen. – Oʻsha kezlarda menda Oʻzbekiston – Yaponiya hamkorligini rivojlantirish jarayonida qatnashish istagi paydo boʻldi.

2017-yilning dekabr oyida doʻstim bilan Oʻzbekiston mahsulotlarini, asosan quritilgan mevalarni Yaponiya bozorlariga olib kirish uchun “Global Silk Road Inc.” Kompaniyasiga asos soldik.

Taʼkidlash joiz, Oʻzbekiston quritilgan mevalari oʻzining betakror taʼmi bilan dunyoga mashhur.

Yaponiyada tashilayotgan yuklar sifatiga yuqori talablar mavjud boʻlsa-da, Oʻzbekistonning ishonchli kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini import qilishga, mamlakatimiz talablariga javob beradigan raqobatbardosh brendni yaratishga muvaffaq boʻldik.

Oʻzbekistonlik eksportchilarning saʼy-harakatlari tufayli yetkazib berish hajmi muttasil oshib bormoqda.

Oʻzbekiston Prezidenti rahnamoligida mamlakatda biznes yuritish uchun qulay sharoit yaratish borasida olib borilayotgan islohotlardan yaxshi xabardorman. Bu, oʻz navbatida, Oʻzbekiston bilan hamkorligimiz rivojiga yordam beradi.

Oʻzbekistonning quritilgan mevalari eksport hajmini oshirishda ulkan imkoniyatlar taqdim etishi mumkin. Biz Oʻzbekiston mahsulotlarining Yaponiyaga importini kengaytirish boʻyicha saʼy-harakatlarni davom ettirish niyatidamiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?