Oʻzbekiston — Yaponiya: Hamkorlik va doʻstlik aloqalari har sohada rivojlanmoqda

17:47 12 Fevral 2020 Jamiyat
249 0

Anʼana va qadriyatlari bizga yaqin boʻlgan Yaponiya bilan mamlakatimiz oʻrtasida turli sohalarda hamkorlik aloqali tobora mustahkamlanib bormoqda.

Davlatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlarning bugungi holati va istiqboli haqida jamoatchilikka keng maʼlumot berish maqsadida Yaponiyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi tomonidan press-tur tashkil etildi. Unda OAV xodimlariga Yaponiya elchixonasining iqtisodiyot va iqtisodiy masalalar boʻyicha birinchi kotibi Yamoto Yoko, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) loyihalar direktori Mizuxo Kubota hamrohlik qildi.

Taʼlim sohasidagi istiqbolli loyihalar

Kunchiqar mamlakat elektronika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi dunyodagi yetakchi mamlakatlardan biri. “Marubeni Corporation” mazkur mamlakatning taniqli kompaniyalaridan hisoblanadi. Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida ochilgan oʻquv media-markazida texnik qurilmalarni yetkazib berish va oʻrnatish ishlari ham mazkur kompaniya tomonidan amalga oshirilgan. Oʻzaro kelishuviga asosan, “JICA” tomonidan 187,9 mln. yapon iyenasi (1,6 mln. AQSH dollari)ni tashkil qiluvchi grant taqdim etilgan. Shunga muvofiq, universitetda oʻquv media-markazi ochilgan.

— Ushbu markaz qisqa vaqt ichida yoshlarni bir maqsad ostida birlashtira oldi, — deydi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti rektori Toʻlqin Teshaboyev. — Baʼzan nazariya amaliyotni inkor etgan vaziyatlarga duch kelamiz. Bunday paytlarda esa nazariyani amaliy tajribaga ega odam yaratsa hech qanday tushunmovchiliklar, bir-birini inkor qiluvchi qoidalar yuzaga kelmaydi, degan xulosaga kelamiz. Ushbu markaz asosiy nazariyani taʼlim oluvchilarning oʻzlari yaratishi, oʻzlari amaliyotda sinab koʻrib, xulosa chiqarishi, koʻnikma hosil qilishiga yordam beradi.

Talabalar oliy oʻquv yurtida televideniye va radio orqali toʻgʻridan-toʻgʻri efirni amalga oshiryapti, video, audio, suratlar hamda roliklar montaj qilyapti, hatto mustaqil dasturlar yaratyapti ham. Bitiruvchilar diplom ishi sifatida dastur yoki rolik ishlab chiqib, “smart-hall”da namoyish etadi. Mamlakatimizdagi oliy taʼlim muassasalari ichida yagona boʻlgan mazkur media-markazi bilan boshqa OTM bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, “JICA” koʻmagida Yaponiyaning yetakchi telekanallari bilan qoʻshma loyihalarni amalga oshirish rejalashtirgan.

Poytaxtimizdagi 121-umumtaʼlim maktabi. Ushbu taʼlim dargohida Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi bilan hamkorlikda ingliz tili, mental arifmetika hamda matematika boʻyicha elektronlashtirilgan kurslari tashkil qilingan. Lingafon xonasida oʻquvchilar nafaqat eshitish qobiliyatini oʻstirish, balki ogʻzaki nutqini rivojlantirish va til oʻrganish imkoniyatlariga ham ega. Oʻquvchilarning maxsus planshetda yechayotgan misollar natijalari bir vaqtda elektron doskada koʻrsatib boriladi.

— Ushbu loyihani amalga oshirishdan maqsadimiz XXI asrda taʼlim qanday boʻlishini oʻquvchilarga, ota-onalarga, qolaversa, jahonga koʻrsatishdir, — deydi Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini xalq taʼlimi tizimida joriy etish markazi direktori Shuhrat Qayumov. — Keyingi paytlarda “blended learning” (masofaviy taʼlim) degan tushuncha keng ommalashmoqda. Bu nima degani? Masofaviy taʼlimda darslar ham elektron, ham anʼanaviy tarzda oʻtiladi. Biz mazkur loyiha orqali yurtimizda ushbu usulni qay darajada amalga oshirish mumkinligini namoyish etib bermoqchimiz. Bunda baholash tartibi ham elektron tarzda bajariladi. Bu esa anʼanaviy tarzda va kompyuter texnologiyalari orqali dars oʻtilganda bola qay darajada oʻzlashtirishining farqini koʻrsatib beradi.

Oʻzbek tilini biladigan yapon dzyudochisi

Yapon xalqining milliy sport turi dzyudo bilan yurtimizda ham shugʻullanuvchilar koʻp. Ushbu sport turida nufuzli musobaqalarda yuqori natijalarga erishgan sportchilarimiz ham talaygina. Ayni paytda ushbu natijalarni bardavomligini taʼminlash maqsadida yaponiyalik dzyudo mutaxassisi Ashida Koki oʻz Vatanida boʻlib oʻtadigan yozgi Olimpiya oʻyinlariga oʻzbekistonlik yosh sportchilarni tayyorlamoqda. Bu ham Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi bilan amalga oshirilgan muhim loyihalardan sanaladi.

Men ikki yildan buyon Oʻzbekistonda yoshlarga dzyudo sport turidan saboq beraman, — deydi Ashida Koki. — Bugungacha oʻzbek tilini ham oʻrganib oldim. Tilnigina emas, oʻzbek xalqining milliy taomlarini tayyorlashni ham bilib oldim. Yaponiyaga borsam doʻstlarimga, albatta, palov qilib beraman.

Hozirgi kunda toʻrt yillikning eng nufuzli musobaqasiga hozirlik qizgʻin. Yigirma nafardan ortiq bolalar bilan har kuni mashq olib boryapmiz. Sport zalimizda Olimpiadaga qancha vaqt qolganini ertayu kech koʻrsatib turuvchi maxsus soat oʻrnatilgan. Bu ham sportchilarimizning eʼtiborliligini oshiradi.

Press-tur davomida yurtimizda Yaponiya elchixonasi hamda “JICA” agentligi orqali taʼlim grantlaridan, malaka oshirish hamda turizm kabi koʻplab sohalar boʻyicha dasturlardan foydalanish imkoniyatlari kundan-kunga yana kengayib borayotgani haqida maʼlumotga ega boʻldik. Bu ham mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari izchil rivojlanib borayotganiga yorqin bir misoldir.

 

Yulduz OʻRMONOVA.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?