O‘zbekiston yana bitta “Orzular layneri”ni qabul qilib oladi

15:57 30 Aprel 2018 Iqtisodiyot
524 0

“O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi hamda “Boeing” korporatsiyasi navbatdagi “Boeing-787 Dreamliner” yo‘lovchi samolyotini yetkazib berish bo‘yicha shartnomani imzoladi. 

Natijada yurtimiz milliy aviatashuvchisida 2020 yilgacha o‘z parkida ushbu turdagi samolyotlar oltitaga yetadigan bo‘ldi.
Joriy yilning may oyi o‘rtalarida yetkazib berilishi kutilayotgan uchinchi “Orzular layneri”  MAK aviaparkida mavjud bo‘lgan avvalgi ikkitasidan yo‘lovchi o‘rindiqlari soni ko‘pligi(270 ta, shundan 24 tasi biznes, 246 tasi iqtisod klassida) va ekipaj dam olishi uchun alohida bo‘linma tashkil etilganligi bilan farqlanadi.

Yangi samolyotda ham aviakompaniyaning boshqa “Boeing-787 Dreamliner” havo kemalaridagi kabi yonilg‘i tejash samaradorligini oshirish, shovqin darajasini pasaytirish va atmosferaga karbonat-angidrid ajralib chiqishini kamaytirish imkonini beruvchi “GE Aviation” kompaniyasining “GEnx-1B” dvigatellari o‘rnatilgan.
Navbatdagi “Boeing-787 Dreamliner” samolyotlarining kelishi bilan MAK aviaparki noyob darajasiga yetadi. Zero, aviakompaniya aviatransport bozoridagi talab va vaziyatdan kelib chiqib, o‘z havo flotidan unumli foydalanmoqda. Shuningdek, yaqin va uzoq yo‘nalishlarda samarali faoliyat yuritib, yangi yo‘nalishlarni ochayapti hamda yo‘lovchilarni uzoq masofalarga yuqori darajadagi qulaylik bilan tashimoqda.

Milliy aviakompaniya mutaxassislari zamonaviy texnik va texnologik uskunalar bilan jihozlangan ushbu yangi avialaynerni qisqa muddatda muvaffaqiyatli o‘zlashtirdilar. Ularning yuqori tayyorlik darajasi tufayli ekspluatatsiya jarayonida “Boeing-787 Dreamliner” samolyotlarini 100 foizlik ishonchliligi ta’minlandi.
Bugungi kunda milliy aviakompaniya “Boeing-787 Dreamliner” samolyotlarida Nyu-York shahriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlar va boshqa xalqaro yo‘nalishlardagi qatnovlar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. 
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?