Oʻzbekiston vakili Parlamentlararo Ittifoq Ijroiya qoʻmitasi aʼzoligiga saylandi

11:02 18 Oktyabr 2019 Jamiyat
72 0

Ayni kunlarda parlament aʼzolaridan iborat Oʻzbekiston delegatsiyasi Serbiya poytaxti Belgrad shahrida boʻlib oʻtayotgan Parlamentlararo Ittifoq Assambleyasining 141-sessiyasi ishida qatnashmoqda, deb xabar berdi quyi palata axborot xizmati.

1889-yilda tuzilgan Parlamentlararo Ittifoq turli davlatlarning milliy parlament guruhlarini birlashtiruvchi xalqaro (hukumatlar qaramogʻida boʻlmagan) tashkilotlardan biri hisoblanadi. Parlamentlar oʻrtasidagi aloqalarni ragʻbatlantirish va xalqaro tinchlik hamda hamkorlikni mustahkamlash ishida birgalikda faoliyat koʻrsatish uchun ularni birlashtirish mazkur tashkilotning asosiy vazifalaridan biridir. Ayni vaqtda Parlamentlararo Ittifoqqa 178 davlat parlamentlari aʼzo hisoblanadi. 2017-yil 13-oktyabrdan Oʻzbekiston Respublikasi mazkur tashkilotdagi aʼzoligini qayta tikladi.

Parlamentlararo Ittifoq BMT bilan yaqin xamkorlik qiladi va uning maqsadlari hamda vazifalarini qoʻllab-quvvatlab keladi. Parlamentlararo Ittifoqqa BMTning Bosh Assambleyasi qoshidagi kuzatuvchi-tashkilot maqomi berilgan.

Parlamentlararo Ittifoq Assambleyasining 141-sessiyasida 2020-2022-yillarga Parlamentlararo Ittifoqning Yevrosiyo guruhidan Parlamentlararo Ittifoqning Ijroiya Qoʻmitasi aʼzoligiga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar nodavlat tashkilotlar va fuqarolarni oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi raisi, akademik Akmal Saidovning nomzodi ilgari surilgan edi.

Bugun — 18-oktyabr kuni oʻtkazilgan yuqori maqomdagi majlisda A.Saidov nomzodi tasdiqlanib, u Parlamentlararo Ittifoqning Yevrosiyo guruhidan Parlamentlararo Ittifoqning Ijroiya Qoʻmitasi aʼzoligiga saylandi.

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi vakilining Parlamentlararo Ittifoqning Ijroiya Qoʻmitasidagi aʼzoligi mamlakatimizga xalqaro parlamentlararo tuzilmalarining faoliyat maydonlaridan samarali foydalanish, oʻzaro manfaatli, uzoq muddatli, konstruktiv xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, tajriba almashish, ilgʻor amaliyot bilan tanishish, eng muhimi, Oʻzbekiston manfaatlariga oid dolzarb masalalarni faol ilgari surish imkonini beradi.

Shaxdam qadamlar bilan taraqqiy etib borayotgan Oʻzbekiston xalqaro parlament institutlari tomonidan ham haqli ravishda eʼtirof etilayotgani Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan tub ijtimoiy-siyosiy islohotlarning tan olinishi belgisidir.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?