Oʻzbekiston va Yaponiya Adliya vazirliklari hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum imzolandi

15:17 14 Mart 2019 Jamiyat
349 0

Foto: Adliya vazirligi

Adliya vazirining birinchi oʻrinbosari M. Istamov boshchiligidagi Oʻzbekistonning idoralararo delegatsiyasi Tokio va Nagoya shaharlarida Yaponiya tomoni bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan maʼmuriy tartib-taomillar va sud jarayoniga bagʻishlangan tadbirlarda ishtirok etish uchun Yaponiyada boʻlib turibdi. Bu haqda Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabar berdi.

13 mart kuni Tokio shahrida Oʻzbekiston adliya vazirining birinchi oʻrinbosari M. Istamov va Yaponiya adliya vazirining parlament oʻrinbosari

X. Kadoyama Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Yaponiya Adliya vazirligi oʻrtasida huquq va adliya sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi Memorandumni imzoladi. Mazkur hujjat xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan tamoyil va meʼyorlariga muvofiq ikki mamlakat idoralari oʻrtasidagi oʻzaro aloqalarni kengaytirish, shuningdek, oʻzaro manfaatli masalalar boʻyicha ikki tomonlama munosabatlar oʻrnatishga qaratilgan.

Memorandum doirasida hamkorlikdagi tadbirlar, tadqiqotlar oʻtkazish, oʻzaro aloqa yoʻnalishlari oʻrganilishini taʼminlash va tajriba almashish koʻzda tutilgan.

Tomonlarning fikricha, memorandum ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlabgina qolmay, ikki mamlakat Adliya vazirliklari oʻrtasida huquqiy sohada samarali hamkorlik qilish uchun huquqiy zamin yaratadi.

Bundan tashqari, shu kuni delegatsiya aʼzolarining Parlament Vakillar palatasi (quyi palata) deputati, Yaponiya sobiq adliya vaziri Y. Kamikava bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

12 mart kuni M. Istamov Parlament Maslahatchilar palatasi (yuqori palata) aʼzosi, Yaponiyaning Oʻzbekistondagi sobiq elchisi K. Nakayama bilan uchrashdi.

Eslatib oʻtamiz, 11 mart kuni mamlakatimizning Yaponiyadagi elchixonasi tomonidan Oʻzbekiston delegatsiyasining hamyurtlarimiz bilan uchrashuvi tashkil etildi. Uchrashuvdan koʻzlangan maqsad – respublikada amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar haqida maʼlumot berish, ular bilan muntazam va ochiq muloqot oʻrnatishdan iborat edi. Oʻzbekiston ularga koʻmak koʻrsatish va qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekani bildirildi.

Oʻzbekiston delegatsiyasining Yaponiyaga tashrifi davom etmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?