O’zbekiston va Turkmaniston o’rtasida qo’shma korxona ishga tushiriladi

11:17 25 Aprel 2018 Iqtisodiyot
533 0

Chirchiq shahrida faoliyat yuritayotgan “Elstan” xususiy korxonasi hamda Turkmanistonning “Berk Ganatli” korxonasi o’rtasida istiqbolli shartnoma imzolandi. Kelishuvga ko’ra, Chirchiq shahrida joriy yilning uchinchi choragida avtomatik o’chirgichlar ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan qo’shma korxona ishga tushiriladi.

Loyihaning umumiy qiymati 1,2 million AQSh dollariga teng bo’lib, pirovardida qo’shimcha ish o’rinlari yaratiladi.

Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning mamlakatimizga davlat tashrifi doirasida poytaxtimizda tashkil qilingan O’zbekiston — Turkmaniston biznes forumi ana shunday ko’plab istiqbolli shartnomalar imzolanishida muhim maydon vazifasini o’tadi.

O’zbekiston hamda Turkmaniston o’rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar tobora kengaymoqda. Mamlakatlar o’rtasida yo’lga qo’yilgan mustahkam hamkorlik natijasida o’tgan yili o’zaro savdo ayirboshlash hajmi 177,3 million AQSh dollarini tashkil etdi. Ammo O’zbekiston hamda Turkmanistonning mavjud salohiyatlaridan to’la foydalangan holda, yaqin kelajakda bu ko’rsatkichni yanada oshirish rejalashtirilgan.

Forum doirasida o’tkazilgan kooperatsiya birjasida O’zbekiston va Turkmanistonning ishlab chiqarish korxonalari o’rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish, mahsulot etkazib berish hamda xizmat ko’rsatishni kengaytirish, qo’shma korxonalar faoliyatini yo’lga qo’yish borasida teng manfaatli shartnoma va kelishuvlarga erishildi.

Rahim SHERQULOV,
«Xalq so’zi» muxbiri.
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?