Oʻzbekiston va Turkiya Prezidentlarining muzokaralari boʻlib oʻtdi

21:41 19 Fevral 2020 Siyosat
124 0

Turkiya Respublikasi Prezidenti saroyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi boʻldi.

 

Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Shavkat Mirziyoyev va Rejep Tayyip Erdogʻan shohsupaga koʻtarildilar. Oʻzbekiston va Turkiyaning davlat madhiyalari yangradi. Prezidentlar faxriy qorovul safi oldidan oʻtdilar.

 

 

Shundan soʻng davlat rahbarlarining tor doiradagi uchrashuvi boshlandi. Unda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlikni yana-da rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Oʻzaro manfaatli imkoniyatlarni ishga solish, yangi loyiha va dasturlarni amalga oshirish uchun Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiya yigʻilishlarini muntazam oʻtkazish zarurligi taʼkidlandi.

Transport sohasidagi aloqalarni kengaytirish, Turkiya orqali Yevropaga multimodal xalqaro tashuvlarni yoʻlga qoʻyish muhimligi qayd etildi.

Intensiv bogʻdorchilik, baliqchilik, chorvachilik, naslchilik yoʻnalishlarida Turkiyaning ilgʻor tajribasini oʻzlashtirish, universitetlar va ilmiy markazlar bilan qoʻshma tadqiqotlar olib borish masalalariga toʻxtalib oʻtildi.

Oʻzbekistonda zamonaviy qoʻshma klinikalar va diagnostika markazlari tashkil etish, kichik biznes, toʻqimachilik kabi yoʻnalishlarda qoʻshma taʼlim dasturlarini amalga oshirish taklifi koʻrib chiqildi.

Samimiy ruhda oʻtgan uchrashuvda ikki tomonlama siyosiy muloqot va koʻp qirrali hamkorlikni mustahkamlashga intilish qatʼiy ekani yana bir bor tasdiqlandi. Tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashildi.



Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?