Oʻzbekiston va Tojikistonni oʻzaro bogʻlovchi yana bir nazorat-oʻtkazish punkti ishga tushdi

11:52 04 Mart 2019 Jamiyat
253 0

Surxondaryo viloyati Uzun tumani Bobotogʻ massivida oʻzbek-tojik xalqlarini oʻzaro bogʻlovchi yangi nazorat-oʻtkazish punkti ishga tushdi.

Shu munosabat bilan uyushtirilgan tadbirda Oʻzbekiston va Tojikiston Respublikasi davlat hamda jamoat tashkilotlari vakillari, qoʻshni tumanlar aholisi ishtirok etdi. Unda soʻzlaganlar qardosh xalqlar oʻrtasidagi azaliy doʻstlik munosabatlari yanada mustahkamlanib, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalar tobora kengayib borayotganini taʼkidlashdi. Ayniqsa, viza rejimi soddalashgani tufayli bordi-keldi, savdo-sotiq ishlari kengayib borayotgani alohida eʼtirof etildi.

Ushbu nazorat-oʻtkazish punktida qisqa muddatda chegara, bojxona, oʻsimliklar karantini, sanitariya epidemiologiya, veterinariya nazoratlarini oʻtkazish uchun qulay sharoitlar muhayyo etilgan.

Shu kuni “Bobotogʻ” nazorat oʻtkazish punktiga tutash hududda Tojikiston Respublikasining “Hisor”chegara-bojxona posti ham ish boshladi. Endilikda chegaradosh hududlarda muntazam bordi-keldi aloqalari yoʻlga qoʻyildi.

Bahorning ilk kunlarida ochilgan yangi nazorat oʻtkazish punkti uzoq yillardan buyon bir-biriga talpingan odamlar qalbida mehr-muhabbat va ezgu tuygʻularni joʻsh urdirdi. Shu bois Surxondaryo va Xatlon viloyati sanʼat ustalari ishtirokidagi diltortar kuy-qoʻshiqlar Bobotogʻ kengliklarida baland pardalarda jarang topdi.

Ilhom Rahmatov “Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?