Oʻzbekiston va Tojikistoning uchta shahri oʻrtasida xalqaro avtobus yoʻnalishlari ochildi

13:03 08 Sentyabr 2018 Jamiyat
442 0

9 sentyabr kuni Tojikistonda davlat mustaqilligining 27 yilligi keng nishonlanadi. Ushbu tantanali sana munosabati bilan ikki davlat xalqlariga qulaylik yaratish maqsadida bugun, 8 centyabrdan boshlab “Termiz- Dushanbe”, “Denov- Dushanbe”, “Samarqand- Panjikent”yoʻnalishida xalqaro avtobuslar qatnovi yoʻlga qoʻyildi. Bu haqda “Xalq soʻzi“ga Oʻzbekiston avtomobil transporti agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

“Termiz- Dushanbe” xalqaro avtobus yoʻnalishining masofasi 251 km. boʻlib qatnovga sarflanadigan umumiy vaqt 5 soatu 39 daqiqani tashkil etadi. Yoʻlkira haqi tashuvchilar tomonidan Termizdan Dushanbegacha- 70 ming soʻm. Dushanbedan- Termizgacha esa 70 somoni qilib belgilandi.

Yoʻnalish masofasi 107 km. boʻlgan “Denov- Dushanbe” xalqaro avtobus yoʻnalishida yoʻlovchilar 2 soat 25 daqiqada oʻz manziliga yetkaziladi. Yoʻlkira haqi tashuvchilar tomonidan Denovdan Dushanbegacha 40 ming soʻm. Dushanbedan Denovnacha esa 40 somoni etib belgilandi.

“Samarqand- Panjikent” xalqaro avtobus yoʻnalishining masofasi 64 km. Qatnovga sarflanadigan umumiy vaqt 1 soatu 25 daqiqa boʻlib, yoʻlkira haqi tashuvchilar tomonidan Samarqanddan Panjikentgacha 20 ming soʻm. Panjikentdan Samarqandgacha esa 20 somoni qilib belgilandi.

Ikki davlat oʻrtasida avtobus qatnovlari sonining ortib borayotgani oʻzaro aloqalarni ikki qardosh xalq manfaatlaridan kelib chiqib, sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish yoʻlida olib borilayotgani ishlarning amaliy ifodasi deyish mumkin.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?