Oʻzbekiston va Tojikiston Prezidentlari Xitoyda uchrashuv oʻtkazdi

17:15 25 Aprel 2019 Siyosat
222 0

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Pekin shahrida Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon bilan ham uchrashdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Prezidentlar keyingi yillarda sifat jihatidan yangi darajaga koʻtarilgan koʻp qirrali Oʻzbekiston-Tojikiston hamkorligi rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

Savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikning aniq masalalari muhokama qilindi. Oʻzaro savdo hajmini yanada oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Oliy darajadagi tashriflar davomida erishilgan kelishuvlar ijrosi ham koʻrib chiqildi.

Oʻtgan yil Oʻzbekiston va Tojikiston munosabatlari rivojida tarixiy yil boʻlgani, oʻzaro davlat tashriflari natijasida u strategik sheriklik darajasiga koʻtarilgani alohida qayd etildi.

Bu boradagi ishlar natijasida ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi sezilarli oshib, hududlararo va gumanitar aloqalar mustahkamlanib borayotgani taʼkidlandi.

Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon mamlakatlarimiz oʻrtasida doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik, strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash borasida intilishlari qatʼiy ekanini taʼkidladilar.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?