Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasida yangi avtobus qatnovi yoʻlga qoʻyildi

09:22 21 Oktyabr 2019 Jamiyat
124 0

Bugun oʻzbek va tojik xalqlari oʻrtasidagi hamkorlik va yaxshi qoʻshnichilik, oʻzaro hurmatga asoslangan doʻstlik munosabatlari mustahkamlanib yangi bosqichda davom etmoqda. Buni barcha sohalardagi hamkorlik rivojlanib borayotgani misolida ham koʻrish mumkin. Zero, ikki xalq azaldan bir daryodan suv ichgan, qarindoshlik, quda-andachilik rishtalari bilan mustahkam bogʻlangan.

Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan yoʻlovchilarga qoʻshimcha qulayliklar yaratish maqsadida Fargʻona viloyati Qoʻqon shahridan qoʻshni Tojikiston Respublikasining Shaydon shahriga avtobus qatnovi yoʻlga qoʻyildi.

Kuni kecha MN-28-sonli “Qoʻqon-Shaydon” yoʻnalishining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbirda Shaydon shahri va Fargʻona viloyati hokimiyati mutasaddilari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.

Mazkur avtobus qatnovi yoʻnalish masofasi 84,5 km. boʻlib, Shaydon shahri tomonidan “RAXSH-R.M” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga tegishli mikroavtobuslar hamda Qoʻqon shahridan “Mansur Mirzohid” MCHJga qarashli ISUZU avtobuslarida yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatiladi. Yoʻlkira narxi 23 000 soʻm etib belgilandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?