Oʻzbekiston va Tojikiston fuqarolarini olib ketayotgan avtobus Qozogʻistonda YTHga uchradi

17:31 02 Dekabr 2019 Jamiyat
89 0

Bugun “Samara – Chimkent” yoʻlida 74 nafar yoʻlovchini olib ketayotgan avtobus YTHga uchradi. Oqibatda ikki kishi jarohatlandi. Bu haqda “Kazavtojol MK” AJ matbuot xizmati boshligʻi Marjan Ordabayga asoslanib Zakon.kz xabar berdi.

Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, Neoplan avtobusi haydovchisi tezlikni oshirib, masofani saqlamagani uchun Daf yuk mashinasi bilan toʻqnashuv sodir etgan.

Hodisa Qiziloʻrda oblastidagi Shijaga qishlogʻi yaqinidagi yoʻlning 1131-kilometrida sodir boʻlgan.

Xabarda aytilishicha, avtobus salonida Oʻzbekiston va Tojikistonning jami 74 fuqarosi boʻlgan. Ular xavfsiz joyga olib oʻtilib, dastlabki yordam koʻrsatilgan.

Jumladan, ikki nafar jarohatlangan yoʻlovchiga Orol tuman shifoxonasida tez tibbiy yordam berilgan. Ular shifoxonaga oyoq sinish jarohati bilan olib kelingan. 

YTH tafsilotlari oʻrganilyapti.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?