O‘zbekiston va Tojikiston Adliya vazirliklari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolandi

12:31 20 Avgust 2018 Siyosat
340 0

Xabaringiz bor, 2018 yilning 17-18 avgust kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘ldi.

Bo‘lib o‘tgan muzokaralarda O‘zbekiston va Tojikiston rahbarlari, xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdilar. Muzokaralar yakunida ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.

Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi ma’lumotiga ko‘ra, o‘zaro hurmat va ishonch ruhida o‘tgan uchrashuvda turli sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, o‘zbek va tojik xalqlari o‘rtasidagi an’anaviy qardoshlik aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan salmoqli davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo jami 26 hujjat imzolandi.

Ushbu siyosiy jarayonlarda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri Ruslanbek Davletov ham ishtirok etdi. Bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida har ikki davlatning Adliya vazirliklari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida ham bitim imzolandi. Mazkur hujjat davlatlararo adliya sohasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.

Hamkorlik bitimi adliya sohasida davlat siyosatini shakllantirish va uni amalga oshirish, adliya idoralari,notariuslar va advokatlar faoliyatini tashkil etish, adliya organlariga reyestrlar kiritish va hujjatlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, adliya organlari uchun kadrlar tayyorlash va almashish, shuningdek, malakasini oshirish, kriminalistika va sud ekspertizasi sohasida ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish kabi yo‘nalishlarni qamrab olgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?